Qanday holatlarda fuqarolarga davlat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatiladi?
Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilish va bu borada sudga shikoyat qilganda o‘z hisobidan huquqiy yordam olishga majbur bo‘ladi.
Bunday vaziyatda mablag‘i yetarli bo‘lmagan, ya’ni, kam ta’minlangan shaxslar qanday yo‘l tutishi kerak?
– Aynan kam ta’minlangan shaxslarga o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilishda malakali yuridik yordam olishi uchun huquqiy asos sifatida 2023-yilda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Qonunga binoan davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar toifasi aniqlashtirilgan. Unga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslar, ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, huquqlari buzilgan, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgani munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar, Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bo‘lgan jismoniy shaxslar bu huquqdan foydalanadi.

Biroq, qonunchilikda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda hamda huquqiy yordam ko‘rsatgani uchun advokat xizmatidan foydalanganda davlat tomonidan yuridik yordam olish huquqi belgilanmagan edi.
2026-yil 20-aprelda kuchga kirgan “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan aynan shu muammo bartaraf etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning muhim jihatlaridan biri – fuqarolar bevosita Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishi va konstitutsiyaviy odil sudlovni amalga oshirish jarayonida taraf sifatida ishtirok etish huquqiga ega ekanligidir.
Konstitutsiyaning 133-moddasida fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga haqli ekani mustahkamlangan.
Ya’ni, Konstitutsiya fuqarolarga konstitutsiyaviy odil sudlovni amalga oshirishda taraf sifatida ishtirok etish va o‘z huquqlarini himoya qilish huquqini beradi.
Tabiiyki, konstitutsiyaviy odil sudlov jarayonida taraf sifatida ishtirok etish uchun fuqaro malakali yuridik yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin.
Shu bois, qonun bilan to‘liq yoki qisman davlat hisobidan ko‘rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam ko‘rsatish jarayoni yanada takomillashtirildi.
Qonun bilan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi va «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonunlarga kam ta’minlangan shaxslarga muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga murojaat etganda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun 41-moddasi quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirildi: «Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga ko‘ra, «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi».
Qonun fuqarolarning huquq va manfaatlarini sud orqali samarali himoya etilishini ta’minlaydi. Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli, degan norma ijrosini ta’minlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga hamda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский