Qaysi toifadagi xotin-qizlar oliy ta’lim muassasasiga imtiyozli ravishda qabul qilinishi mumkin?

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun bir qancha imtiyozlar taqdim etilgani bois, oliy ta’limda o‘qiyotgan talabalar sonida xotin-qizlar ulushi ko‘proq. Foizsiz ta’lim kreditlari, ehtiyojmand qizlarga grantlarning ajratilishi, xotin-qizlarning magistraturadagi ta’limi uchun mablag‘lar davlat tomonidan qoplab berilishi kabi imtiyozlar berilgani sababli xotin- qizlarning oliy ta’limdagi qamrovi qariyb 53 foizga, magistraturada 62,7 foizga yetdi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi  “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, shuningdek, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan xotin-qizlar uchun alohida qabul kvotalari doirasida oliy ta’lim olish imkoniyatlari yaratilgan.  

Xo‘sh, mazkur imtiyozlardan foydalanish tartibi qanday?

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim muassasalarini tamomlagan talabgor xotin-qizlar tavsiyanoma olish uchun joriy yilning 31 may (shu kuni ham) kuniga qadar o‘zlari yashab turgan hududdagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.

Tavsiyanoma qanday mezonlar asosida beriladi?

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, tavsiyanoma asosan kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar uchun beriladi. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi.

To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar, turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar, nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar, ikki va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari, ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar bu imtiyozlardan foydalanishi mumkin.

Tavsiyanoma - ajratilgan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA

Powered by GSpeech