Qosim - Jo‘mart To‘qayev: Qozog‘iston zamonaviy notinch dunyoga konstruktiv hamkorlik prizmasi orqali qaraydi

Qozog‘iston Respublikasi poytaxtida Ostona xalqaro forumi – “AIF – 2025” o‘z ishini boshladi. Unda 600 ga yaqin xorijiy mehmonlar, jumladan, yetakchi siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar, korporatsiyalar, sarmoyadorlar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

70 dan ortiq davlatdan kelgan yetakchi axborot agentliklari, telekanallar va boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlari forum ishini bevosita yoritib bormoqda. 

Forumning ochilishida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim - Jo‘mart To‘qayev nutq so‘zladi. Ostona xalqaro forumi ishtirokchilarini mamnuniyat bilan qutlagan davlat rahbari bu uchrashuv dunyoda katta noaniqlik hukm surayotgan bir paytda o‘tayotganiga e’tibor qaratdi. 

“Buni xalqaro munosabatlarning chorrahasi, hal qiluvchi pallasi, deb ta’riflashimiz mumkin. Biroq, bu xulosani tarixchilarga topshirish kerak. Endi bu vaziyatga qanday munosabatda bo‘lishimiz muhim”, dedi Q.To‘qayev. 

Qozog‘iston yetakchisi o‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 52 davlat qurolli to‘qnashuv holatida bo‘lganini aytib o‘tdi. Zo‘ravonlikdan ko‘rilgan iqtisodiy yo‘qotishlar 19 trillion dollarga yetgan. Bu dunyo yalpi ichki mahsulotining taxminan 13,5 foizini tashkil etadi. 

– Qozog‘iston zamonaviy notinch dunyoga konstruktiv hamkorlik prizmasi orqali qaraydi, – dedi Prezident. – Biz tashqi siyosatimizda bo‘linishdan ko‘ra muloqot ustuvorligiga, shuningdek, suveren huquqlarni hurmat qilishga tayanamiz. Milliy g‘urur va xalqlarning tarixiy va madaniy an’analarini mensimaslik qabul qilinishi mumkin emas. Shu bilan birga, barcha milliy ozchiliklarning o‘z tillarida gapirish va o‘z madaniyatlarini rivojlantirish huquqini hurmat qilish kerak. Shuning uchun biz Qozog‘istonda “Turlilikdagi birlik” tamoyilini qat’iy himoya qilamiz.

Forumda Ruanda Respublikasi Prezidenti Pol Kagame, Shimoliy Makedoniya Prezidenti Gordana Silyanovska-Davkova so‘zga chiqdi va ular ham o‘zaro hamkorlik dunyo xalqlari uchun muhimligini alohida qayd etdi. 

“AIF - 2025”da tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik, energiya va iqlim o‘zgarishi hamda iqtisodiyot va moliya kabi global masalalar chuqur tahlil qilinadi. 

Forum  o‘z ishini davom ettirmoqda.  

Norgul Abduraimova,

O‘zA

 (Toshkent - Ostona)

Powered by GSpeech