Rossiya Ombudsmaniga O'zbekistonning «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni topshirildi

O'zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov 4 fevral` kuni Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskal`kova bilan uchrashuvi chog'ida unga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov nomidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishonini topshirdi, deb xabar bermoqda ombudsmanrf.org sayti.

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni bilan ta'sis etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 noyabrdagi qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni to'g'risidagi nizom, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni va guvohnomasining tavsiflari tasdiqlangan.

Mazkur ko'krak nishonini ta'sis etishdan maqsad – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo'shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish hamda taqdirlash, bu faoliyatni amalga oshirishda o'rnak bo'layotganlar namunasini, ularning tajribasini ommalashtirishdan iborat. Bu bilan davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Ko'krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ'ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, yoshlar o'rtasida inson huquqlarini himoya qilish an'analarini rivojlantirishga qo'shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolari taqdirlanadi.

Ko'krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

2020 yil 10 dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kuni ilk bor bir guruh yurtdoshlarimiz va ikki nafar xorijiy mamlakat fuqarosi, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili T.Moskal`kova “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoniga sazovor bo'lgandi.

Uchrashuv chog'ida mamlakatimiz Favqulodda va muxtor elchisi O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini vataniga qaytarish borasida zarur amaliy choralarni ko'rgani va pandemiya davrida mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishda yaqindan ko'maklashgani uchun Rossiya Ombudsmaniga minnatdorchilik bildirdi. B. Asadov, shuningdek, mehnat migrantlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dasturlar va boshqa ta'sirchan chora-tadbirlar haqida to'xtaldi.

O'z navbatida, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili migratsiya masalalari haqida so'z yuritdi. T.Moskal`kova, xususan, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan rossiyaliklarga va Rossiya hududida xuddi shunday holatga duch kelgan O'zbekiston fuqarolariga yordam ko'rsatishda ikki tomonlama amaliy hamkorlikning muhimligiga e'tiborni qaratdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech