Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida vazirliklar va hokimliklar faoliyati chuqur tahlil qilindi.
Yig‘ilishda davlat boshqaruvidagi muammolar, ayniqsa, mahalliy darajadagi tuzilmalarning mustaqil qaror qabul qilishdagi cheklanishi tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, joylarda oddiy masalalarni hal qilish uchun ham tuman rahbarlari viloyatdan, viloyat esa Toshkentdan ruxsat so‘rashiga to‘g‘ri keladi.
Buning oqibatida vaqt yo‘qotiladi, odamlar rozi bo‘lmaydi, masalalar cho‘zilib ketadi. Masalan, Qumqo‘rg‘ondagi temir yo‘ldagi shlagbaum har kuni 20 marta yopiladi. Agar u 200 metrga ko‘chirilsa, 8 ming mashinaga qulaylik yaratiladi. Ammo hokimlikning bunga vakolati yo‘q — buning uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan alohida ruxsat olinishi kerak.
Bu tahlildan kelib chiqadigan asosiy xulosa: har bir tuzilma o‘z ishiga javobgar bo‘lib, mahalliy darajadagi muammolarni hal qilish vakolatlari kengaytirilishi shart. Ikkinchidan, har bir rahbar tashabbuskor, halol va xalq dardini eshitadigan bo‘lishi kerak. Bu borada, davlatimiz rahbari: "Hokimlar bir narsani yaxshilab tushunib olsin: bugun tug‘ilgan muammo ertagacha qolmasligi kerak. Xalqning murojaatini bir idoradan ikkinchisiga yuborib yurmasdan, shu yerning o‘zida, shu kunning o‘zida hal qilish zarur!", deya ta’kidladi. Bu kabi muammolarni o‘z vaqtida hal etish uchun vakolatlar kengaytiriladi hamda muammolarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurslar ajratiladi.
Mahalliy darajada tashabbusni oshirish, xalqni eshitish va muammolarni zudlik bilan hal etish davr talabidir.
Shuningdek, bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri – bu har bir inson sog‘lom va farovon hayot kechirishi uchun eng avvalo, toza havo, sof suv, yashillik va tinch muhit zarur. Bu – shunchaki tabiiy resurs emas, balki insonning konstitutsiyaviy huquqi! Agar havo iflos bo‘lsa, kasallik ko‘payishi muqarrar. Yoki daraxtlar kesilsa, yomg‘ir kamayadi, issiqlik ortadi. Shuningdek, agar yashil hududlar qurilishga berib yuborilsa, bolalar o‘ynaydigan, keksa insonlar dam oladigan joylar yo‘qoladi. Shuning uchun har bir mahallada hovlilar orasidagi yashil hududlar saqlanishi kerak.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 49-moddasida har bir fuqaro uchun qulay atrof-muhitga bo‘lgan inson huquqi belgilangan.
Bu huquq — inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida tan olinadi.
Demak, har bir fuqaro toza havo, sof suv, tabiiy muhitning zararsiz holatidan bahramand bo‘lishni talab qilish huquqiga ega.
Ikkinchidan, mazkur moddada qayd etilishicha, har bir fuqaro ishonchli axborot olish huquqiga ega.
Davlat organlari va mahalliy hokimiyat atrof-muhitning holati haqida oshkora, aniq va vaqtida ma’lumot taqdim etishi shart.
Bu huquq aholini ekologik xavflardan himoya qilish, ogohlantirish va ishtirokini ta’minlashda muhimdir.
Uchinchidan esa, jamoatchilik nazorati imkoniyati berilganki, unga ko‘ra, davlat shaharsozlik sohasidagi qarorlar (masalan, yangi uylar qurilishi, ishlab chiqarish ob’ektlari, yo‘llar va boshqa loyihalar) bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari uchun shart-sharoit yaratishi shart.
Davlat siyosatining asosi — tabiatni himoya qilish va iqtisodiy o‘sish o‘rtasida muvozanatni saqlashga qaratilganining amaliy ifodasi sifatida davlatimiz rahbarining prokuratura, adliya hamda “O‘zbekkosmos” va Kadastr agentligiga birgalikda qaysi hududda “yashil” hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohi boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan bo‘lsa, hammasini aniqlab, joyiga qaytarish topshirig‘ini berganida ham ko‘rish mumkin. Quvonarlisi, ko‘pgina e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga berish bo‘yicha hokimlarning qarorlarini o‘rganib, qonunga zidlarini bekor qilish vazifasi qo‘yildi. "Bor sport maydonchalari va bolalar o‘yingohlari, uylar orasidagi yashil hududlar qurilish uchun berib yuborilayotganidan odamlar norozi", deb bejiz aytilmadi. Zero, O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar orasidagi yashil hududlar, bolalar o‘yingohlari va sport maydonchalarining qurilish uchun xususiy shaxslarga yoki tadbirkorlarga berilishi, aholida adolatsizlik va norozilik tug‘dirayotgan real muammodir.
Davlatimiz rahbari mahallalardagi ijtimoiy muhitga ham alohida e’tibor qaratdi. Zero, yangi O‘zbekistonning har bir soniyasi, ertasi mahalladan boshlanadi. Shunday ekan, mahalla xalqning yuragi, uning tinchligi va taraqqiyoti asosidir. Lekin ming afsuski, bugun mamlakatimizdagi 1 ming 24 ta mahalla “og‘ir” toifaga kiritilgani, 1 ming 294 ta mahallada jinoyatchilik darajasi yuqori ekani, 1,5 mingida esa oilalarda ajrimlar ko‘paygani — bu nafaqat statistika, balki jamiyatimizdagi og‘riqli nuqtalar ekanini ko‘rsatadi. Eng ko‘p “og‘ir” mahallalar Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida joylashgani ham bejiz emas — aholi zich joylashgan hududlarda muammolar ham ko‘p to‘plangan. Bu holat shunchaki raqam emas — har bir “og‘ir” mahallada inson taqdiri, farzand tarbiyasi, oiladagi totuvlik, qo‘shnichilik qadriyatlari xavf ostida. Shu sababli, mahallalarni tiklash — millatning kelajagini tiklash bilan barobardir. Ana shu ishni birgalikda shaffoflikda amalga oshirish maqsadida yaqin kunlarda mahallalardagi saylovlar o‘tkazilganining guvohi bo‘ldik. Bugunga qadar 8 481 ta mahallada mahalla raisi saylovlari o‘tkazildi. Ular orasidan 3 590 nafar yangi rais saylandi, 4 891 nafari joyini saqlab qoldi. Bu raqamlar xalqning faolligi va munosabat bildira olish qobiliyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Buni to‘g‘ri yo‘nalishdagi o‘zgarish, islohot desak bo‘ladi. Chunki mahalladagi muammoni mahallaning o‘zi hal qilmasa, uni tashqaridan kelib hech kim yechib berolmaydi. Shu bois, mahalla tizimida yangi dunyoqarash va bilimlar zarur bo‘layotganini davr talab etmoqda. Bu haqda ham prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mahallalar uyushmasi: mahalla raislari va “yettilik” (huquq-tartibot, ta’lim, tibbiyot, xotin-qizlar, yoshlar va boshqa sohalar vakillari)ni yangicha ishlash, xalq ichida muammoni oldindan aniqlash, profilaktika qilish, yoshlarni tarbiyalash kabi masalalarga yo‘naltirish zarur.
Mahallada jinoyatchilikni kamaytirish uchun faqat profilaktika va nazorat emas, ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlar va ayollar bilan ishlash kerak.
Masalan, bolalarga sport, bilim, madaniyat muhitini yaratish, oilalarda ajrimlarning oldini olish uchun mahallada “oilaning maslahatchisi” degan yangi vazifalarni amaliy joriy etish, har bir rais — mahalladagi 100 nafar yoshni shaxsan tanishi, ularning muammosi bilan qiziqishi kerak.
“Og‘ir” toifadagi mahallalarni sog‘lom va faol hududlarga aylantirish o‘zgarishlarni eng pastki pog‘onadan boshlash deganidir.
Firuza Muhitdinova,
Xalq deputatlari Mirobod tuman kengashi deputati.
O‘zA
- Qo'shildi: 16.06.2025
- Ko'rishlar: 152
- Chop etish