Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Markaziy Osiyoda zo‘ravon ekstremizmning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy loyihasi bilan hamkorlikda zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh majlisi bo‘lib o‘tdi.
“Zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo hamkorlikdagi harakatlar: ayollar va bolalar huquqlari himoyasi, zo‘ravon ekstremizmga qarshi idoralararo hamkorlikni kuchaytirish” mavzusida o‘tgan ushbu majlisda senatorlar, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, bir qator vazirlik-idoralar masʼullari, shuningdek, Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
Muhokamada ayni yo‘nalishdagi eng dolzarb masalalar, shu jumladan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, yoshlar bilan tizimli ishlash, profilaktika jarayonida ayollarning faolligini oshirish hamda davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qo‘mita raisi Orzigul Kozixonova o‘z so‘zida bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lgan zo‘ravonlikka qarshi kurashishda davlat va nodavlat tuzilmalarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakati muhimligini alohida taʼkidlab, yoshlar va ayollar ishtirokini faollashtirish, ayniqsa, mahalla darajasida erta profilaktika choralari samaradorligini oshirish zarurligini taʼkidladi.
Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova hududlarda yoshlarni mediasavodxonligini oshirish, mavjud bo‘lgan kontentlarga tanqidiy fikr yuritish borasida o‘quv seminarlari o‘tkazish taklifini bildirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni yana-da yaxshilash, tegishli qonunchilik va hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish borasida taklif va tavsiyalar bildirdi.
Shuningdek, har bir ishchi guruh aʼzosining taklif va tavsiyalaridan kelib chiqib, idoralararo ishchi guruhning ish rejasi loyihasini ishlab chiqish belgilab olindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 17.06.2025
- Ko'rishlar: 129
- Chop etish