Sovuq qurol himoya maqsadida olib yurilsa, javobgarlik belgilanadi

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bu bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda sovuq qurolni noqonuniy ravishda jamoat joylarida olib yurish holatlari keskin ko‘payib, bu holat jamoat xavfsizligi, fuqarolarning tinch hayoti, huquqiy tartibotga jiddiy tahdid solmoqda. Ayrim shaxslar javobgarlikka tortilgandan keyin ham yana sovuq qurolni olib yurishmoqda. Shu bois qonunchilikda bu kabi huquqbuzarliklarni takroran sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari qat’iylashtirilmoqda.  

Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi quyi palata majlisida ko‘rib chiqildi.

Loyihaga ko‘ra, sovuq qurolni foydalanish maqsadida g‘ilofsiz olib yurish 1 yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, javobgarlik belgilanmoqda. Shu bilan birga, sovuq qurolni sport yoki xo‘jalik ishlaridan tashqari, o‘zini himoya qilish yoki boshqa maqsadda olib yurish 1 yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, javobgarlik belgilanadi.  

Shuningdek, oilaviy tazyiq va zo‘ravonlik jinoyatini sodir etgan shaxslarga qurol olish huquqini bermaslik hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarda mavjud qurollarni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha olib qo‘yish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.   

Yana bir muhim o‘zgarish — narkologik kasallikka chalingan shaxslarni davolash tartibi bilan bog‘liq bo‘lib, bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ham sud qarori bilan davolashga yuborilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.  

Muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech