Amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalardan kelib chiqib, moddiy va protsessual huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida yaqinda Oliy sud plenumining tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov yangi plenum qarori haqida ma’lumot berdi:
– Plenum qaroriga binoan amaldagi 136 qarordan 55 tasiga 147 o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu huquqiy yangilanishlar amaliyotda yo‘l qo‘yilishi ehtimoli bo‘lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, ayrim noaniq holatlar yuzasidan tushuntirish berish, sudlar tomonidan qonun normalari bir xilda talqin qilinishi va yagona amaliyot yaratishga qaratilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunning 12 va 28-moddalariga asosan, Bolalar ombudsmani bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi arizalar va da’volar bilan sudlarga murojaat etish huquqiga ega.
Shundan kelib chiqib, Oliy sud plenumining 1993 yil 16 apreldagi “Sudlar tomonidan mulkni ro‘yxat (arest)dan chiqarish haqidagi ishlarni ko‘rishda qonunchilikning qo‘llanishi to‘g‘risida”gi qarori 5-bandi ikkinchi xatboshisiga voyaga yetmagan farzandlarning manfaatlarini himoya qilish borasida da’volarni kiritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar qatoriga ota-onasi, vasiy (homiy) va prokuror bilan birgalikda Bolalar ombudsmani ham kiritildi.
Fuqarolik protsessual kodeksining 67-moddasida shartnoma bo‘yicha ixtiyoriy vakil bo‘la olishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifasida yuridik shaxslarning xodimlari va notijorat tashkilotlar vakolatli vakillari ko‘rsatilgan. Biroq tegishli plenum qarorida ushbu shaxslar tomonidan qanday qo‘shimcha hujjat taqdim qilinishi lozimligi keltirilmagan. Shu bois, mazkur band ushbu shaxslar ishonch bildirgan tashkilotda ishlashini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi lozimligi haqidagi tushuntirish bilan to‘ldirildi.
Oliy sud plenumining 2013 yil 11 dekabrdagi “Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 22-bandi ikkinchi xatboshisida farzandlikka olinayotgan bolaning vafot etgan otasi yoki onasi qarindoshlariga nisbatan huquqlari saqlanib qolingan hollarda ota-onaning aliment to‘lash majburiyatlari tugatilmasligi va aliment miqdorini o‘zgartirish, uni to‘lashdan ozod qilish masalalari da’vo ishi yuritishi tartibida hal etilishi lozimligi haqidagi tushuntirishlar Fuqarolik kodeksi va “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga zid bo‘lganligi sababli chiqarib tashlandi.
Chunki ushbu qonun normalarida shaxsning vafoti bilan uning aliment to‘lash majburiyati tugatilishi nazarda tutilgan.
Ma’lumki, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 20-moddasi 1-qismida ishni birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori yuqori instansiya sudi tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emasligi, bundan yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rish hollari mustasno ekanligi belgilangan.
Oliy sud plenumining 2018 yil 19 maydagi “Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori, protsessual kodeksning ushbu moddasida nazarda tutilgan qoidalar ariza (shikoyat)ni qabul qilishni rad etish, qaytarish, ko‘rmasdan qoldirish yoki ish yuritishdan tugatish to‘g‘risidagi ajrimlar bekor qilingan hollarga ham nisbatan tatbiq etilmasligi haqidagi tushuntirishlar bilan to‘ldirildi.
Prezidentning 2024 yil 14 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 martdan boshlab, taraflar kelishuv bitimi tuzganligi natijasida ish yuritish tugatilganda, tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarga birinchi instansiya sudida to‘langan davlat bojining 70 foizi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida esa, to‘langan davlat bojining 30 foizi miqdorida davlat bojini qaytarish tartibi joriy etildi.
Ushbu tartibni qo‘llashga oid tushuntirish hisobiga Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2009 yil 18 dekabrdagi “Iqtisodiy sudlar tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda protsessual qonun normalarining qo‘llanilishiga oid ayrim masalalar to‘g‘risida”gi qarori 17-bandi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirildi.
2023 yil 27 sentyabrdagi qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasi birinchi qismi 9-bandi yangi tahrirda berilib, ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sud majlisida ko‘rishda himoyachi ishtiroki shart ekanligi belgilangan. Oliy sud plenumining 2003 yil 19 dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroridagi ishni ushbu instansiya sudida mahkum himoyachidan voz kechgan hollarda, basharti voz kechish sud tomonidan qonunda nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda qabul qilingan bo‘lsa, himoyachi ishtirokisiz ko‘rishga yo‘l qo‘yilishi haqidagi tushuntirish chiqarib tashlandi.
Plenum qarorlariga kiritilgan shu kabi o‘zgartishlar kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishda, moddiy va protsessual qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2025
- Ko'rishlar: 183
- Chop etish