Sudya: Bolani farzandlikka olish bilan bog‘liq muammolar bor

Har bir bola oilada ulg‘ayib, ota-onasining tarbiyasi, mehrini olishga haqli. Biroq, hayot bir tekis emas. Turli sabablarga ko‘ra  oilasidan mahrum bo‘layotgan bolalar ham bor.  O‘z navbatida, farzand asrab olishni istaydiganlar ham yo‘q emas.

– Sudyalik faoliyatim davomida farzand asrab olish murakkabligini bildirgan ko‘plab fuqarolarni uchratdim, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Ziyodaxon Soliyeva. – Aslida, farzandlikka olishdan asosiy maqsad ma’lum bir sababga ko‘ra, o‘z ota-onasi bag‘rida o‘sish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalarni oila muhitida tarbiyalash, boshqa tomondan, farzandlikka oluvchilarga ota-onalik huquq va majburiyatlariga ega bo‘lish, oilaviy munosabatlarni saqlab qolishdan iborat.

O‘zbekistonda farzandlikka olish masalasi Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tartibga solinadi.

Oila kodeksida farzandlikka olish qoidalari to‘g‘risida alohida bob ajratilgan. Unda farzandlikka olish bilan bog‘liq tartib aks etgan. Ya’ni, farzandlikka olish mumkin bo‘lgan shaxslar, farzandlikka olishni sir saqlash, farzandlikka olinayotgan bolaning roziligi, farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari, farzandlikka olishni bekor qilish oqibatlari kabi normalar o‘rin olgan. 

Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar farzandlikka oluvchilar, vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror albatta ishtirok etgan holda yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ularga ma’lum bo‘lgan farzandlikka olish bilan bog‘liq ma’lumotlarni sir saqlashlari zarur. Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilganda, farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinayotgan bolaning o‘zaro huquq va majburiyatlari farzandlikka olingan bolaning tug‘ilishini qayd etish daftariga zarur o‘zgartirishlar kiritilgan kundan e’tiboran belgilanadi.

Shu sababli, sudlar farzandlikka olinayotgan bola manfaatlaridan kelib chiqqan holda farzandlikka olish, farzandlikka olishni haqiqiy emas, deb topish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch kun ichida hal qiluv qarorining xulosa qismini farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganligi qayd qilingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.

Farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganligi O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida qayd etilgan hollarda, sud Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 oktyabrdagi 550-sonli qarori bilan tasdiqlangan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga muvofiq hal qiluv qarorining xulosa qismini farzandlikka oluvchining yashash joyidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.

Aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda sudlar tomonidan voyaga yetmaganlar manfaatlariga doir fuqarolik ishlarini hal etish vaqtida huquqni qo‘llash jarayonida qonunchilikda ko‘rsatilmagan va o‘z yechimini topishi kerak bo‘lgan masalalarga to‘qnash kelmoqda. Xususan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar himoyasini ta’minlash borasida ayrim muammolar ko‘zga tashlanyapti. 

Oila kodeksining 152-moddasida voyaga yetgan erkak yoki ayol farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Lekin, mazkur talablar farzandlikka olinuvchilarning huquq va manfaatlarini to‘la darajada himoya qila olmaydi.

Boshqacha aytganda, farzandlikka oluvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablar qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Farzandlikka oluvchilarning yoshiga nisbatan eng kichik yosh va eng katta yosh senzini o‘rnatish, agar turmush qurmagan erkak va ayol farzandlikka olish bo‘yicha murojaat qilgan bo‘lsa, ularning eng kichik yoshini belgilash, er-xotinning turmush qurib birga yashayotganlik davrini belgilash maqsadga muvofiq. 

Aks holda, quyidagi muammolar vujudga kelishi mumkin: farzandlikka olingan bola bilan ota-ona va biologik farzandlar o‘rtasida munosabatlar murakkab kechishi, bolaning kelib chiqishi, ruhiy holati va oldingi hayoti oilada noqulaylik yaratishi, asrab olingan bolalarda ko‘pincha zo‘ravonlik, qarovsizlik, yetishmovchilik oqibatida ruhiy muammolar bo‘lishi mumkin. 

Shu bois, ularni qayta ijtimoiylashtirish va hayotga moslashtirish uchun ota-onaga bilim, sabr va psixologik tayyorgarlik kerak. Zotan, bola asrab olish shunchaki formal jarayon emas, balki mas’uliyatli, tayyorgarlik talab qiluvchi vazifadir. Axir bolaning o‘ziga xos psixologik holati mavjud. 

Sud qaroridan so‘ng olib boriladigan nazorat qilish vazifalarini sud qarori chiqib, kuchga kirgunga qadar maxsus vakolatli organlar zimmasiga yuklash bu boradagi ishlar samaradorligini oshiradi. 

Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni sudlar tomonidan ko‘rib chiqishda bolaning yangi oilaga moslashuvini inobatga olish muhim. Sud qarori qabul qilinishidan oldin voyaga yetmaganni oilaga farzandlikka oluvchilarga vaqtinchalik berish tartibini joriy qilish kerak. Bunda, olti oygacha bo‘lgan muddatni joriy etish, ushbu vaqtda psixologlar tomonidan farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinayotgan bola maslahat markazlarida tayyorgarlik kurslaridan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq. 

Bu vaqtda bolaning oilaga moslashuvini baholash, bolaga nisbatan oiladagi muhitni baholash, ya’ni, bolaning sog‘lig‘i, ta’lim va umumiy rivojlanishi, farzandlikka oluvchilar bilan munosabati, mehr va diqqat-e’tibor darajasi, bolaning o‘zini yangi oilada qanday his qilishi – psixologik holati, jismoniy tarbiya va ovqatlanish holati, jismoniy/ruhiy zo‘ravonlik belgilari yo‘qligi holatini aniqlashga imkon tug‘iladi. 

Maxfiylik va shaffoflik muvozanatini buzmagan holda farzand asrab olish jarayonini avtomatlashtirish, farzandlikka oluvchilarni elektron ariza topshirishi va jarayonning elektron kuzatuvini tashkil etish uchun yagona interaktiv davlat xizmatini tashkil qilish, bolalarning jismoniy, ruhiy zo‘ravonlik belgilari to‘g‘risida mustaqil ravishda shikoyat qilish imkoniga ega bo‘ladigan platformani yaratish maqsadga muvofiq. 

Bolani begona oila asrab olishi va yaqin qarindoshlari tomonidan asrab olishdagi farqli jihatlarni tizimlashtirish, bu borada hujjatlarni yig‘ish jarayonlarini ham soddalashtirish, tartibga solish kerak. 

Mazkur qoidalarning kiritilishi farzandlikka olinayotgan bolalarning hayotini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, kelajakda ularning jismonan va ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishiga zamin yaratadi.  

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech