Sun’iy intellekt: inson qadr-qimmatiga putur yetkazmaslik talablari belgilanmoqda

Parlament quyi palatasining majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida “sun’iy intellekt” tushunchasi, sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirishga oid davlat siyosatining asoslari, maxsus vakolatli organ vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonga, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talab belgilanyapti.

Shuningdek, insonning huquq va erkinligiga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanib qolish mumkin emasligi o‘z aksini topmoqda.

Loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar, ekspertlar va olimlarning fikri inobatga olinib, loyiha yanada takomillashtirilgani aytib o‘tildi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech