O'zbekistonda 2019 yil 3-7 sentyabr` kunlari “Penitentsiar muassasalar monitoringi” mavzuida trening o'tkaziladi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha Mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Treningda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etadi.
Treningdan ko'zlangan maqsad – penitentsiar muassasalar va boshqa yopiq muassasalarni monitoring qilish bo'yicha xalqaro hamda xorijiy tajriba bilan tanishishdan iborat.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga bu borada monitoring o'tkazish va uning yakunlari bo'yicha ma'ruzalar tayyorlash ko'nikmalarini o'rgatish ko'zda tutilgan.
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Markaz jazoni ijro etish muassasalari, qamoqxonalar va maxsus hibsxonalarni moneliksiz kirib ko'rish huquqiga ega hisoblanadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.08.2019
- Ko'rishlar: 5922
- Chop etish