Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Togʻ-kon sanoatida ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Navoiyuran” korxonasi va “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyatining 2026-yildagi ustuvor vazifalari hamda kelgusi rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda jahonda muhim minerallar va metallarga talab jadal oʻsib bormoqda. Xususan, anʼanaviy metallarga talab yiliga oʻrtacha 1 foizga oʻsayotgan boʻlsa, kritik minerallar bozorida bu koʻrsatkich 10 foizni tashkil etmoqda.

Shunga mos ravishda mamlakatimizda ham mavjud mineral-xomashyo bazasidan samarali foydalanish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Taqdimotda dastlab “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” faoliyati va uni rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi.
Kombinatda geologiya-qidiruvdan tortib, qazib olish, boyitish, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq texnologik zanjirni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar turini koʻpaytirish, yuqori soflikdagi selen va tellur ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari muhim minerallar boʻyicha istiqbolli loyihalarni tezlashtirib, mavjud 5 turdagi mahsulotga (volfram, molibden, selen, tellur, reniy) qoʻshimcha ravishda yana 11 turdagi mahsulot (nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganes, platina, vanadiy, simob va mis) ishlab chiqarishni oʻzlashtirish vazifasini qoʻydi. Shuningdek, sohaga ilm-fan yutuqlarini keng jalb etib, qoʻshimcha mineral zaxiralarni aniqlash muhimligi taʼkidlandi.

Rejaga koʻra, 2030-yilgacha 16 turdagi muhim metallar boʻyicha ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard dollardan oshirish koʻzda tutilmoqda.

Ayniqsa, volframni chuqur qayta ishlash boʻyicha yirik loyihalar ishlab chiqilgan. Ularni amalga oshirish uchun 1,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, 2030-yilga borib, ushbu yoʻnalishda ishlab chiqarish hajmini qariyb 2,2 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan.

Shuningdek, noyob va kamyob yer elementlariga boy istiqbolli maydonlarni oʻzlashtirish, kombinatning resurs bazasini kengaytirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan takliflar koʻrib chiqildi.

Taqdimotda “Navoiyuran” korxonasining joriy yildagi faoliyati va ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalari ham muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda jahon bozorida uran xomashyosiga talab 15-20 foizga oshgan. 2030-yilgacha esa yana 28 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Bunday sharoitda mamlakatimizda uran qazib olish hajmini koʻpaytirish, yangi konlarni oʻzlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va uran sanoatini zarur resurslar bilan barqaror taʼminlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda joriy yilda geologiya-qidiruv va texnologik burgʻilash ishlarini kengaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, qoʻshimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirish hamda 250 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Korxonaning ishlab chiqarish hajmlarini oshirishda zarur kimyoviy reagentlar taʼminoti muhim oʻrin tutadi. Shu bois, mahalliy sanoat korxonalari oʻrtasidagi kooperatsiyani kuchaytirish, texnik oltingugurt, sulfat va nitrat kislotasini yetkazib berish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Prezidentimiz ishlab chiqarishda muqobil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, 2030-yilgacha sulfat kislotasi oʻrnini bosuvchi reagentlar ulushini 40 foizga yetkazish zarurligini qayd etdi.

Umuman, ushbu chora-tadbirlar va yangi ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga 2030-yilgacha uran ishlab chiqarish hajmini joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 15 ming tonnaga, aniqlangan zaxiralar hajmini esa 200 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Taqdimot yakunida mutasaddilarga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, korxonalarning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi texnologik quvvatlarni ishga tushirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Nashr sanasi 05.11.2026 Ko'rishlar 84
Ulashish