Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabariga ko‘ra, poytaxtda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va moliyaviy mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.
“Xavfsiz kiber makon” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan maxsus reyd chog‘ida aniqlanishicha, guruh a’zolari Android qurilmalari uchun “apk” virusli dasturlar ishlab chiqib, ularni fuqarolarga yuborgan. Ushbu zararli dasturlar orqali ular SMS xabarlari, qo‘ng‘iroqlar va kontakt ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, noqonuniy daromad orttirib kelishgan.
Tergov-surishtiruv davomida virusli dasturlar Telegram guruhlariga ulangan bo‘lib, unda 11 nafar turli davlat fuqarolari ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi. Ular fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruhning 5 nafar a’zosi qo‘lga olindi.
Shuningdek, ular yashash manzillari va telefon qurilmalari ko‘zdan kechirilganda, 133 nafar fuqarodan qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan. O‘g‘irlangan pul mablag‘lari guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlanib kelgan.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular protsessual tartibda ushlangan.
Tergov organlari jinoiy guruhga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida respublika bo‘ylab tezkor-qidiruv tadbirlarini davom ettirmoqda.
Hamroz Bayanov,
O‘zA
- Qo'shildi: 04.09.2025
- Ko'rishlar: 193
- Chop etish