Yangi qonunga ko‘ra, shaxsning roziligisiz shahvoniy tasvir yaratgan va tarqatganlar uch yilgacha qamoq jazosini oladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy media kompaniyalaridan odamlarning haqiqiy yoki sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ochiq-oydin shahvoniy tasvirlarini o‘chirib tashlashni talab qiluvchi qonun loyihasini imzoladi, deb xabar berdi Bloomberg.
«Sun’iy intellekt yordamida tasvirlar yaratishning rivojlanishi bilan son-sanoqsiz ayollar dipfeyk va boshqa shahvoniy tasvirlar yordamida ta’qib qilindi. Bu juda noto‘g‘ri», dedi Tramp.
«Take It Down Act» deb nomlanuvchi yangi qonunga ko‘ra, shaxsning roziligisiz shahvoniy tasvir yaratgan va tarqatganlar uch yilgacha qamoq jazosini oladi. Bundan tashqari, qonun talabiga binoan bunday tasvirlarni zudlik bilan olib tashlamagan onlayn platformalar javobgarlikka tortiladi. Ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlar jabrlanuvchining so‘rovidan keyin 48 soat ichida bunday kontentni o‘chirib tashlashi shart.
Hujjatni imzolash marosimida qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan birinchi xonim Melaniya Tramp ishtirok etdi.
«Ushbu qonun ota-onalar va oilalarga o‘z farzandlarini onlayn ekspluatatsiyadan himoya qilishga yordam beradigan g‘alabadir», dedi u.
Qonun loyihasi respublikachilar va demokratlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi, bu Kongressning onlayn kontentni tartibga solish bo‘yicha qonunlarni ma’qullashining kamdan-kam namunasidir.
Yirik texnologiya kompaniyalari, jumladan, Facebook va Instagram egasi Meta va Google qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Imzolash marosimida X kompaniyasining bosh direktori Linda Yakkarino ishtirok etdi. Qonun tanqidchilari uni so‘z erkinligiga tahdid solishi mumkinligidan xavotir bildirdi, biroq tarafdorlar bu qonun AQSh Konstitutsiyasi tomonidan kafolatlangan huquqlarni hurmat qilish uchun yozilganini aytdi. Tramp «Internetda hech kim mendan ham yomonroq munosabatga uchramagan» dedi va qonunni ijro etishga va’da berdi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 22.05.2025
- Ko'rishlar: 416
- Chop etish