Bugungi talab kechagi yondashuvlar bilan cheklanib qolmaslikni taqozo etadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish hamda yangilarini ishga tushirish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor vazifalarni belgilash maqsadida Samarqandga keldi.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Samarqand shahridagi Yoshlar kreativ parki bilan tanishishdan boshladi.
Bugungi kunda shahar kengayib, yirik megapolisga aylanib bormoqda. Keyingi yillarda bu yerda yangi aholi turar joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari tashkil etildi, aholi soni ancha oshdi. Tabiiyki, bunday sharoitda shaharda yashil maydonlarni ko‘paytirish, yangi bog‘ va xiyobonlar, aholi dam olish maskanlarini yaratishga ehtiyoj oshadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda har yili 16 million tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Joriy yil bahorgi mavsumda ham 6,3 million tup mevali va manzarali daraxt, buta ko‘chatlari o‘tqazish rejalashtirilib, ayni paytda viloyatning barcha hududlarida bu jarayon davom etmoqda.
O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy gospital o‘rnidagi 5,4 gektar maydonda 70 milliard so‘mdan ortiq homiylik mablag‘lari hisobidan Yoshlar kreativ parki tashkil etildi.
Bu yerda madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga olingan 5 ta bino va inshoot bo‘lib, endilikda ulardan yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, ko‘p tarmoqli o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport o‘yinlari markazlari sifatida foydalaniladi. Axborot-resurs markazi, sport zallari, yer osti ekomuzeyi tashkil etildi.
Yoshlar kreativ parki, ayniqsa, yigit-qizlar uchun nafaqat dam olish maskani, balki axborot texnologiyalari sohasi va sport bilan shug‘ullanish, startap loyihalarni amalga oshirish uchun qulay joy bo‘ladi.
Viloyat shaxmat federatsiyasi ham yangi bog‘da joylashgan. Federatsiya tomonidan bu yerda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, musobaqalar o‘tkazish imkoniyati mavjud.
Bog‘da bolalar attraksionlari, fitness zallari, stol tennis zali, tennis kortlari, vorkaut va mini golf maydonlari barpo etilgan. Hududda Nuroniylar maskani, o‘ndan ortiq ayvonchalar qurilgan.
Prezidentimiz dastlab “Profi deutsch” nemis tilini o‘qitish va imtihon markazi faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu loyihaning muhim jihati “Telc” imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor Samarqand shahrida ish boshlayapti. Markazda yoshlar nemis tilini o‘rganib, xalqaro “Telc” sertifikatini oladi. Sertifikat sohiblari Germaniyada dual kasbiy ta’limda o‘qishini davom ettiradi, bandligi ta’minlanadi. Joriy yilda bunday imtihon markazini mamlakatimizning yana beshta hududida ochish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Loyiha doirasida 8-11 sinf o‘quvchilariga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar chuqur o‘rgatiladi. O‘quvni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga maxsus sertifikat beriladi.
Shuningdek, “Aloqa bank” va Milliy bank konsultativ markazining tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarga imtiyozli kredit ajratish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlari, Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi” loyihalari bilan tanishildi.
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning loyihalari bilan tanishdi. Jumladan, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan “Eco-schools Uzbekistan” loyihasida ishtirok etayotgan yosh ekofaollar 2026-yil uchun rejalari haqida so‘zlab berdilar.

– Yangi O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarni barpo etyapmiz, yuqori daromadli ish joylari ochilyapti. Biz buni sizlarga – bilimli yoshlarga ishonib qilyapmiz. Buning uchun har daqiqangiz kelajagingiz uchun xizmat qilsin, do‘stingiz kitob bo‘lsin. Biror bilimni chuqur egallash va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun insonga diqqat, sabr-toqat, ishtiyoq kerak. Mana shu ishtiyoqingiz so‘nmasin. Sizlar berayotgan takliflar bizning islohotlarimiz g‘oyasiga mos, men har qanday taklif va tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman, – dedi Prezidentimiz.
Samarqand shahrida bunday zamonaviy ta’lim va dam olish maskanlarini ko‘paytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevralda qabul qilingan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda ham avtotransport xizmatlari yaxshilanib, jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilmoqda.

Bunda avtobus parklarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish, yo‘nalishlar bo‘ylab ekologik toza avtotransport qatnovini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni maqsadlarda Samarqand shahriga birinchi bosqichda 49 million dollar hisobiga 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelindi. “Yutong” rusumli mazkur elektrobuslar 30 o‘rinli bo‘lib, umumiy sig‘imi 75 nafar yo‘lovchidan iborat.
Yangi elektrobuslar uchun 4 gektarga yaqin maydonda avtosaroy tashkil etilgan. Bu yerdagi elektrobuslarni quvvatlash stansiyasida bir vaqtning o‘zida 50 ta jamoat transportiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Elektrobuslar uchun barpo etilgan yopiq turargohda texnik xizmat ko‘rsatish uchun mobil ta’mirlash texnikasi ham mavjud. Elektrobuslar shaharning 9 ta yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanib, kuniga 70 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida esa yana 250 ta elektrobus xarid qilish nazarda tutilgan. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 120 million dollar mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan. Natijada yoqilg‘i sarfi 32 ming litr, zararli gazlar miqdori 27 tonnaga kamayadi.
Bugungi kunda avtosaroyda 265 nafar xodim mehnat qilmoqda. Yangi elektrobuslarning olib kelinishi jarayonida esa yana 500 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz yangi avtobuslarni ko‘zdan kechirdi.
– Mazkur sohaning iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun elektrobuslarga xizmat ko‘rsatadigan, ularni ta’mirlaydigan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Samarqand tajribasini yaratishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerning o‘zida Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, avtobuslar harakatini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Prezidentimiz tashrif asnosida mazkur hududga yondosh bo‘lgan Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan yo‘l o‘tkazgichni ham ko‘zdan kechirdi.
Uzunligi 600 metrni tashkil etgan tunnel 12 million dollar hisobiga barpo etilgan, bir kunda o‘rtacha 50 mingta transport vositasini o‘tkazishi mumkin.
Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, yer osti piyodalar yo‘lagi barpo etilgan.
Tunnel Xitoy va Turkiya qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda bunyod etildi. Devorlari zamonaviy qurilish texnologiyasidan foydalangan holda burg‘ilash usuli orqali barpo qilindi.

E’tiborlisi, qurilish jarayonlari transport vositalari harakati to‘xtatilmagan holda olib borildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda yurtimizga olib kelingan yangi “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga keldi.
Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatimizga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem” poyezdlaridan birinchisi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda “Jaloliddin Manguberdi” yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa uchta – VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi.
Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga mo‘ljallangan.
Yaqin orada “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishi bo‘ylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.

Safar chog‘ida davlatimiz rahbari viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilg‘or yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi.
Yurtimizda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, tobora ko‘payib borayotgan yirik loyihalar, odamlar farovonligi va qulayligi uchun amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida fikr almashildi.
Narpayga kelgach, Prezidentimiz gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Samarqandda azaldan dehqonchilik madaniyati rivoj topgan. Yer va suvdan unumli foydalanish bo‘yicha tajriba katta. Narpay tumanida ham har qarich yer maydoni va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etishga e’tibor ortib bormoqda.
Bugun gidroponika usulida mahsulot yetishtirish amaliyotiga talab katta. “Narpay qulupnay” korxonasi ana shunday innovatsion yondashuvni amaliyotga tatbiq etib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishayotgan ilg‘or tadbirkorlik sub’ektlaridan biri hisoblanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 650 ming dollarni tashkil etib, bir gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Mazkur issiqxonada yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkoniyati mavjud.
Ayni paytda korxona “Narpay qulupnaylari” brendi ostida mahsulotlarini mahalliy yirik savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda. Bu esa ichki bozorni sifatli va ekologik toza mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida parvarishlanadi. O‘simlik ildizlari yerda emas, balki suvni yaxshi o‘tkazuvchi kokos qipig‘i muhitida rivojlanadi. Bunda qulupnay zarur mineral moddalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv orqali qabul qiladi. Bu esa o‘simlikning energiya sarfini kamaytirib, o‘sish jarayonini tezlashtiradi. Hosildorlik an’anaviy usullarga nisbatan bir necha baravar yuqori bo‘ladi.
Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi kichik maydonda katta hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyatini yaratadi. Eng muhimi, tuproqdan foydalanilmasligi tufayli suv sarfi 80 foizgacha kamayadi. O‘simlik kasalliklari xavfi past bo‘lgani sababli kimyoviy vositalardan foydalanish minimal darajaga tushiriladi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligini ta’minlashga xizmat qiladi va bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi.
Issiqxonada suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, yomg‘ir suvini to‘plash va undan samarali foydalanish maqsadida katta sig‘imli suv havzasi barpo qilingan. Shuningdek, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatilgani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yil davomida barqaror yetkazib berishni ta’minlashda bunday loyihalarning ahamiyati alohida ekani ta’kidlandi. Tadbirkorning istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida ham ma’lumot berildi.
Xususan, kelgusida loyihani kengaytirish, qo‘shimcha ravishda 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Davlatimiz rahbari bunday usuldagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham ko‘paytirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini ta’kidladi.
– Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi mazkur yo‘nalishda ham sun’iy intellektdan samarali foydalanish zarur. Agar ishlar to‘g‘ri tashkil etilib, odamlarni bu ish bilan shug‘ullanishga o‘rgatsak va buni Narpay tajribasi sifatida keng ommalashtirsak, xalqimiz gidroponika usulida yil davomida hosil yetishtirib bozorni ham to‘ldiradi, yaxshigina daromad ham qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Narpay tumanida joylashgan “Maroqand sifat” klasteri tizimida chiqindisiz texnologiya tamoyili asosida ish olib borayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi.
Klasterda paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjiri shakllantirilgan. Xususan, paxta va urug‘lik yetishtirish, yog‘-moy ishlab chiqarish, tola va ip-kalava tayyorlash, shuningdek, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni qamrab olgan 25 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bunday yondashuv qishloq xo‘jaligi va sanoatni uzviy bog‘lash orqali yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini bermoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida korxona ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yiliga 5,5 ming tonna, tayyor trikotaj mahsulotlari bo‘yicha esa 1 million dona quvvatga ega bo‘ldi. Mazkur ko‘rsatkichlar 10 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa klasterning ichki va tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Korxona faoliyatining yana bir muhim jihati aholi bandligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasidir. Ayni paytda bu yerda 1 ming nafar doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, mavsumiy ishlar davrida yana 3 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanmoqda.
“Maroqand sifat” klasterining mato qoldiqlarini qayta ishlash orqali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi ilg‘or va samarali tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Loyiha tarkibida biolaboratoriya hamda tikuv sexlari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, tikuv sexlarida foydalanib bo‘lingan mato qoldiqlari tashlab yuborilmaydi. Ular zamonaviy, yuqori tezlikda ishlovchi uskunalar orqali qayta ishlanib, yana ip-kalava holatiga keltiriladi. Ushbu yo‘nalishda yillik tola ishlab chiqarish quvvati 5 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lib, u 3,3 gektar maydonda joylashgan. Korxonada 500 nafar aholining doimiy bandligi ta’minlangan. Shu bilan birga, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalarning joriy etilgani uning iqtisodiy samaradorligini yanada oshirmoqda.
Hozirda korxona hududida quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali ishlab chiqarish jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanilmoqda. Bu korxonaning energiya xarajatlarini kamaytirish bilan birga “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi va tikuv sexida mehnat qilayotgan xodimlar bilan samimiy suhbat qurdi.
– Sizlar bilan uchrashganimdan mamnunman. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, tashkil etilgan ish o‘rinlari aholining bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilyapti. Har bir amalga oshirilayotgan loyiha – yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlarning bir qismi. Albatta, ish o‘rinlariga talab oshib bormoqda. Shuning uchun biz yanada faol ishlayapmiz, har bir hududda yangi imkoniyatlar yaratishga harakat qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi doirasida hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.
Tadbir doirasida viloyatda oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari, metall va mebel sanoati sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Davlatimiz rahbari hududning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or texnika va texnologiyalari, sanoat mahsulotlari bilan tanishdi.
Samarqand viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik o‘ringa ega hudud sifatida barqaror rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda bu yerda sanoat hajmi izchil o‘sib, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti mahalliy hamda xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga mustahkam zamin yaratdi. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning soni yildan-yilga ortib borayotgani bu boradagi ijobiy dinamikani yaqqol tasdiqlaydi.
Marosimda shahar va tumanlarda qariyb 7 milliard dollar investitsiya hisobiga 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berildi. Tadbirga videoaloqa orqali yangi qurilayotgan hamda ishga tushirilayotgan loyihalarning mas’ullari ham ulandi.
Ushbu loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Jumladan, tog‘-kon sanoati va geologiya, qurilish materiallari, avtosanoat, kimyo sanoati, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda istiqbolli ob’ektlar qurilishini boshlash nazarda tutilgan.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihalar ijrochilari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif hamda tashabbuslarini tingladi. Bu kabi loyihalar Samarqand viloyatining sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab berdi.
Jumladan, Avstriya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda 2 milliard 400 million dollarlik 53 ta loyiha ishga tushdi.
Shuningdek, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda 4 milliard 600 million dollarlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 700 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va eksport geografiyasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimizga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.
Bugungi kunda tumandagi 8 ta nasos stansiya DXSH asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.
Umuman, Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari, avvalo, yig‘ilganlarni kirib kelayotgan muborak Ramazon hayiti va qutlug‘ ayyom – Navro‘zi olam bilan chin qalbdan tabrikladi.
Samarqandga oxirgi tashrifdan keyin o‘tgan to‘rt oy davomida mamlakatimiz hayotida katta o‘zgarishlar ro‘y bergani ta’kidlandi.
Xususan, shu haftaning o‘zida Olmaliq shahrida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi, poytaxtimizda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning ma’naviy xazinasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi. Ertaga esa Payariq tumanida buyuk hadisshunos ajdodimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bugun Vatanimiz qudratini yuksaltirish, har bir oila va har bir inson hayotini yaxshilash bo‘yicha yanada katta marralar olinganini, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar esa bunga mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, bugungi talab kechagi yondashuvlar bilan cheklanib qolmaslikni, ertangi kun vazifalari esa yanada samarali va qat’iy harakat qilishni talab etishi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda Samarqand ishsizlik, kambag‘allik, investitsiya va eksport kabi barcha yo‘nalishlarda namunaviy viloyat bo‘lishi shartligi qayd etildi.
Buning uchun viloyat mahallalari infratuzilmasini yaxshilashga 100 million dollar, Urgut tumaniga qo‘shimcha 50 million dollar ajratildi. Umuman, viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlarga kredit resurslari uchun yana 18 trillion so‘m berilayotgani ta’kidlandi.
Ushbu mablag‘lar, eng avvalo, tumanlarda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga, pirovardida esa viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilishi shartligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tumanlarning sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resurslari, aholining biznes va kasbiy ko‘nikmalarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish, mahallalar imkoniyatlaridan kelib chiqib, har bir tumanning ichki rivojlanish modelini yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mazkur tahlillar asosida tuman hokimlari, “mahalla yettiligi” va mahalla bankirlari resurslarni eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan va byudjet tushumlarini oshiradigan loyihalarga yo‘naltirishi lozim.
Ushbu tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida joriy qilinib, butun respublika uchun namuna sifatida tatbiq etilishi belgilandi.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati rahbariyati oldida kamida 9 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulot hajmini 144 trillion so‘mdan oshirish, 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish va eksportni 1,2 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.
Shuningdek, 100 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 31 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish va viloyatni ishsizlik hamda kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan salohiyat Narpay, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi tumanlari misolida tahlil qilindi.
Ushbu tumanlar va Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi jami ulushi atigi 10 foizni tashkil qilayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mazkur hududlarda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, 1 trillion 200 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ning 800 milliard so‘mi sanoat loyihalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlashga, qolgan 400 milliard so‘mi yo‘l, suv, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan Kattaqo‘rg‘on shahridan 40 kilometr masofada joylashgan Ingichka shaharchasiga sanoat va Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib borishi, Kattaqo‘rg‘on shahri markazidagi Narpay kanali ustida 60 yil avval qurilgan ko‘prik ham rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Umuman, Narpay, Paxtachi, Payariq, Qo‘shrabot, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida sanoat va servisni rivojlantirish, hududlarga yangicha qiyofa olib kirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Yig‘ilishda jahondagi notinchliklar tufayli logistika zanjirlarining uzilishi, neft narxi va transport xarajatlarining oshib borayotgani oziq-ovqat narxlariga ta’sir qilishi tabiiy ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, dunyoda qariyb 100 million turist sayohat uchun tinch va xavfsiz mamlakatlarni qidirayotgani qayd etildi.
Bunday sharoitda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, turizm va servis sohalaridagi mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish hokimlarning eng asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yaylov yerlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish muddati yana bir yilga uzaytirilishi belgilandi. Viloyatning 4 ta tumanida jami 43 ming gektar maydonda jamoat yaylovlari tashkil etilib, mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi. Yaylovlarda quduq qazish, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyadan chiqarish xarajatlari uchun 50 milliard so‘m ajratiladi.
Chorva naslchiligini rivojlantirish maqsadida laboratoriya uskunalari va naslli qoramol xaridi uchun 10 yilga 12 foizli kredit ajratiladi. Bulung‘ur tumanida 50 million dollarlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi, Qo‘shrabotda esa 20 million dollarlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi.
Joriy yil 1-maydan boshlab baliqchilik xo‘jaliklariga quyosh panellarini o‘rnatish uchun 16 foizli kredit ajratiladi. Panelni o‘z mablag‘i hisobidan o‘rnatganlarga esa xarajatning 25 foizi qoplab beriladi.
Kartoshka yetishtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganagi olib kelinib, Bulung‘ur tumanida ko‘paytirish boshlanadi. Gollandiyadan 6 ming tonna urug‘lik kartoshka olib kelinib, fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi.
Prezidentimiz turizm sohasidagi vazifalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xalqaro turizm bozoridagi noaniqlik sharoitida O‘zbekistonni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha katta kampaniya boshlanishi qayd etildi. Bu jarayonda turizm uchun eng qulay davr bo‘lgan aprel-iyun oylari uchun alohida dastur tayyorlanib, “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi.
Ushbu muddatda aviakompaniyalarga yangi reyslar yo‘lga qo‘yib, olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya beriladi. Bunday aviakompaniyalarga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi.
1-apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy mobaynida jalb qilingan har 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 nafar xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelish uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi.
Joriy yilning o‘zida Samarqandda dunyoga mashhur kamida 5 nafar san’atkorning gastrolini, shuningdek, 10 ta biznes-forum va moda festivalini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Samarqandni aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha olimpiada, forum va ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladigan xalqaro xabga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga Samarqandga yil yakuniga qadar 6 million sayyoh olib kelish maqsadi belgilab olindi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari hamda boshqa mutasaddilarning hisobotlari tinglandi, Samarqand ahli bilan muloqot qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari
Ўзбекча
English
Русский