Toshkentda 2025 yil 5-9 aprel kunlari Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zA muxbiri Assambleya yakunlari haqida Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson bilan suhbatlashdi:
– Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi nihoyasiga yetdi. Bu muhim yig‘ilishning O‘zbekistonda bo‘lib o‘tganidan juda mamnunmiz.
Bu yerda biz juda ko‘p narsalarni o‘rgandik, katta tajriba orttirdik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan bo‘lgan muloqotimiz va mamlakatingiz yetakchisining nutqi assambleya ishtirokchilarida juda katta taassurot qoldirdi. Janobi oliylari ijtimoiy inklyuzivlik, fuqarolik institutlari, shu jumladan, parlamentlarni mustahkamlash masalalari haqida muhim fikrlarni bildirdi.
Ijtimoiy adolat haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Bular barqaror tinchlik va xavfsizlik bilan chambarchas bog‘liq. Chunki, tinchlik bo‘lmasa, odamlar o‘z davlatini rivojlangan, deb hisoblay olmaydi.

Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Guvohi bo‘lganingizdek, bu deklaratsiya olqishlar bilan kutib olindi. Barqaror rivojlanish maqsadlari, ijtimoiy adolat va ijtimoiy taraqqiyot, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, gender tengligi kabi masalalar deklaratsiyada alohida o‘rin oldi.
Parlamentda ayollar sonining oshgani, yoshlarning ham parlament ishlarida faol ishtirok etayotganini ko‘rdik.
Prezidentingizning nutqi Toshkent deklaratsiyasining asoslaridan biriga aylangani biz uchun faxrdir. Shu sababli, Toshkent doimo bizning tariximizda alohida o‘rin egallaydi. Faqat Toshkent emas, balki Samarqand va boshqa shaharlaringizdagi insonlar bizni juda iliq kutib oldi. O‘zbekiston xalqi biz uchun doimiy esda qoladigan mehr-oqibat ko‘rsatdi. Bu voqealar ajoyib va tarixiy ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston xalqiga katta rahmat. Prezidentingizga, Senat Raisiga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 10.04.2025
- Ko'rishlar: 216
- Chop etish