Voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha parlament so‘rovi yuboriladi

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. 

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar huquqlarini taʼminlash va kafolatlash hamda ularni ijtimoiy himoya qilish, xususan, bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bolaning to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi mustahkamlab qo‘yildi.

Shuningdek, qonunchilikda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilgan.

Qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra sud hujjati ijro etilmaganda qarzdorning mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklash mumkinligi belgilangan.

Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etilib, 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Sohada olib borilgan islohotlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan 2024-yil davomida 2,1 trln so‘m mablag‘lar, shundan oldindan to‘lov sifatida 46,3 mlrd so‘m miqdorida aliment pullari undirilgan.

2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. 

Shuningdek, o‘tgan yilda 13 252 ta oila yarashtirilgan, ishsiz bo‘lgan 25 113 nafar qarzdor, shundan 8 201 nafari “Bandlik platformasi” orqali ishga joylashtirilgan.

Muhokama davomida bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va to‘lash jarayonida ayrim muammo va kamchiliklar borligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Xususan, Bosh qomusimizda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim ota-onalar ushbu majburiyatiga masʼuliyat bilan yondashmayotganiga eʼtibor qaratildi.

2023-yilda 5 697 shaxs, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 35 foizga ortib, 8 833 shaxs moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan hamda o‘tgan yilning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.

Muhokama davomida ish joyi bo‘lmagan va daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan alimentni undirish borasidagi ayrim muammolarga ham eʼtibor qaratildi.

Bolalarga aliment undirish va oilani taʼminlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risidagi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalarini kengaytirish va aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi bilan integratsiya qilish vazifalari ijrosi kechikayotgani senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

 “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilgan bo‘lsa-da, ushbu mablag‘larning atigi 2 foizi, yaʼni 849,2 mln so‘mi jamg‘armaga qaytarilgani mazkur yo‘nalishda ham taʼsirchan choralar ko‘rish lozimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Oila kodeksining 107-moddasiga asosan voyaga yetmagan bola sud qarori bilan ota-onasidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan bo‘lsa,  ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga belgilangan miqdorlarda alimentlar undiriladi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanadi va u voyaga yetganda to‘lanadi.

Biroq voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilanmaganligi uchun bugungi kunga qadar alimentlar boshqa hisobvaraqlarga to‘lab borilgan.

Muhokama yakunida yuqorida tilga olingan dolzarb masalalarni o‘z ichiga olgan parlament so‘rovini Vazirlar Mahkamasiga yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Powered by GSpeech