Xalqaro oila kuni mamlakatimizda keng nishonlanadi

AOKAda 15 may – Xalqaro oila kuni arafasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Mavluda Nizomova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda M.Nizomova mavzu yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

E’tirof etilganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi tegishli rezolyutsiyasiga muvofiq, jahon hamjamiyati diqqatini oilaviy qadriyatlar va oila instituti bilan bog‘liq muammolarga qaratish maqsadida 15 may – Xalqaro oila kuni sifatida 1994 yildan buyon butun dunyoda keng nishonlanib kelinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida 15 may har yili Xalqaro oila kuni sifatida yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanishi belgilangan.

Joriy yilda xalqaro oila kuni tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayoni tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirildi.

Unga asosan mamlakatimizda 10 maydan 10 iyunga qadar “Farovon oila sari” oyligi e’lon qilindi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. “Farovon oila sari” oyligi ham shunday ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir. 

Tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Respublika, hudud, tuman (shahar) Ishchi guruhlari tarkibi shakllantirildi. Oylikni o‘tkazish tartibi ishlab chiqilib, unda mahallalar, ta’lim muassasalari, tumanlar va shaharlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi tadbirlar belgilandi. 

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 sentyabrdagi “Ibratli oila” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida vazirlik va idoralar vakillaridan iborat, tarkibi 40 nafar bo‘lgan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish komissiyasi faoliyati tashkil etildi.

Hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan mazkur ko‘krak nishoniga qariyb 5 ming 500 ta oilalarning hujjatlari tavsiya etildi. Talabgor oilalar soni o‘tgan yilga nisbatan 8,8 baravarga ortdi. Ushbu nomzod oilalar 40 nafardan ortiq faollar, nufuzli ekspertlardan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilib 2000 mingta oila ko‘krak nishoniga munosib oila sifatida saralab olindi.

Bu yil yangi yondashuvlar asosida vazirlik va idoralardan ham nomzodlar tavsiya etish so‘ralib, ular tomonidan tavsiya etilgan 77 ta oila ham ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi belgilandi.

15 may – Xalqaro oila kuni arafasidagi tantanalarda ushbu oilalarga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni va pul mukofotlari topshiriladi, ular yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga faxrli belgi o‘rnatiladi. Oylik doirasida tuman (shahar)larda “Ibratli oila” tanlovi g‘oliblari va ishtirok etgan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribasi ommalashtiriladi va keng targ‘ib qilinadi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari hamda nominatsiyalar sovrindorlari xalqaro oila kuni arafasida munosib taqdirlanadilar. “Mening oilam – mening faxrim!” mavzusida fleshmob va “Yangi O‘zbekistonning baxtli oilasiman!” chellenjlari o‘tkaziladi. 

Turli dolzarb mavzularda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, mahalla guzarlari, mehnat jamoalarida milliy qadriyatlarni ulug‘lashga oid uchrashuvlar tashkil etiladi. Nizoli oilalarni murosaga keltirish maqsadida mas’ul tashkilotlarning mahallalarda “Sayyor qabullari” o‘tkaziladi.

“Oila va xotin-qizlar maskanlari”ning tantanali ochilish tadbirlari davom ettiriladi. “Oilaviy hunarmandlarning mamlakatning turizm jozibadorligini oshirishga qo‘shayotgan hissasi” mavzusida hunarmand-tadbirkor oilalarning ilmiy anjumani tashkil qilinadi. 

“Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: farovon oila va barqaror kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “Oila – ma’naviyat va insonparvarlik maskani” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

“Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasining mazmun-mohiyati keng targ‘ib etilib, amaliyotga joriy etiladi. Mahallalarda 4 million xotin-qizlarni ommaviy sport musobaqalariga jalb qilish ishlari davom ettiriladi, “Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” sport marafoni, "Sport sayli" tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 

15 may kuni respublikaning barcha tuman (shahar) markazlaridagi istirohat bog‘larida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohibalari va ahil oilalar, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida “Oilalar sayli” (“OILAFEST”)ni tashkil etiladi. Mahalla, tashkilot, korxona va muassasalarda ibratli oilalarning boy oilaviy hayot tajribasi ommalashtiriladi, oila mustahkamligining asoslari yuzasidan davra suhbatlari, muloqotlar, uchrashuvlar, tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Ibratli oilalar vakillari ishtirokida ehtiyojmand, notinch va nizoli oilalar ularning oila a’zolari uchun oilalar daromadini oshirishga qaratilgan tadbirlar (tadbirkorlikka jalb qilish, kredit olish ishlarida ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashish) tashkillashtiriladi.

“Qo‘shni-qo‘shniga” tamoyili asosida ehtiyojmand oilalarning farovonligi va daromadini ko‘paytirishda ibratli oilalar va tadbirkor ayollarning ijtimoiy faolligi va mas’uliyatini oshirishga doir tadbirlar o‘tkaziladi. Oilani institutini mustahkamlashga qaratilgan uslubiy qo‘llanma va risolalar taqdimoti o‘tkaziladi.

Mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan uyma-uy yurish orqali aniqlangan 250 mingga yaqin og‘ir vaziyatdagi xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanadi, amaliy yordam ko‘rsatiladi. “Milliy liboslar” namoyishlari nazarda tutilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinadi. 

“Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” shiori ostida oilalar va xotin-qizlar o‘rtasida sport marafoni, “5000 qadam” sog‘lomlashtirish tadbirlari, “Oila bolalar nigohida” rasmlar ko‘rgazmalari, har haftada “Ahil oila” kuni tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bunda oilalarga huquqiy-psixologik xizmatlar ko‘rsatish va bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi.

13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sovrindorlariga mukofotlarni tantanali topshirish marosimi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi san’at saroyida tadbirning madaniy qismi bo‘lib o‘tadi.

N.Usmonova, 
O‘zA

Powered by GSpeech