Xalqqa nazorat qiluvchi emas, xizmat qiluvchi tuzilmalar kerak

Munosabat

2025 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatimiz iqtisodiyotida barqaror o‘sish kuzatildi. Sanoat 6,4, eksport 18, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi ishlab chiqarish quvvatlari faoliyat boshladi. Natijada 2 million 400 ming odamga daromad manbai yaratilib, bandligi ta’minlandi.

Biroq, raqamlar ortidagi hayotiy haqiqat – bu tizimli muammolar va ularni vaqtida hal etishdagi sustkashliklardir. Joriy yil 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Prezident raisligidagi yig‘ilishda joylardagi davlat tuzilmalari faoliyati qattiq tanqid qilindi. Sababi, davlat rahbarining so‘zlarida ko‘tarilgan muammolar bugungi kunning eng dolzarb masalalari bo‘lib, bu nafaqat tashkilotlar faoliyati, balki aholining kundalik turmushiga ham bevosita ta’sir etmoqda.

Jumladan, suv va kanalizatsiya xizmati bilan bog‘liq og‘riqli masalalar shular jumlasidan. Bugungi kunda tumanlarda suv va kanalizatsiya xizmatidan tushayotgan mablag‘ning atigi 10 foizi hududlarda qolmoqda. Qolgan mablag‘ markazga o‘tkaziladi, natijada joylarda texnik ta’minot, zaxira qismlar va avariyaga tayyor holatda bo‘lish tizimi deyarli yo‘q.

Birgina misol, hozirda qaysidir mahallada quvurdagi kichik nosozlik sabab aholi 4-5 kunlab ichimlik suvisiz qolmoqda. Bu muammo aslida 2 soat ichida bartaraf etilishi mumkin edi, agar zaxirada ta’mirlash uchun kerakli materiallar bo‘lganida. Ammo, avariya sodir bo‘lgandan keyingina yuqoridan ruxsat olinib, materiallar xarid qilina boshlanadi, ularning yetib kelish jarayoni esa bir necha kun davom etadi.

Natijada aholi hech qanday aloqasi bo‘lmagan tizimdagi beharakatlik qurboniga aylandi. Bu holatlardan xulosa shuki, mahalliy tashkilotlar tezkorlikka emas, byurokratik jarayonlarga “to‘liq bog‘liq” holda faoliyat yuritmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda tumanlardagi tashkilotlar o‘zini nazoratchi deb biladi, aholi og‘irini yengil qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish barcha hududlarda ham ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi.  

Jumladan, Qumqo‘rg‘on tumani karantin inspeksiyasida 8 nafar inspektor faoliyat yuritadi. Ular asosan hujjatdagi xatolarni topish, eksport uchun sertifikat berish bilan shug‘ullanadi. Ammo, tumanda hasharot va zararkunandalarga qarshi dorilash xizmatlariga talab yuqori bo‘lgan bir paytda, ushbu tashkilot bu xizmatni umuman ko‘rsatmaydi. Fermer o‘z yeridan hosil ololmasa, bu inspektorlar uchun “muammo emas” – ularning vazifasi faqat qog‘oz bo‘yicha nazoratdir.

Yana bir misol, tumanlarda ekologiya bo‘limlari “Yashil makon” loyihasiga nomigagina munosabat bildiradi. Ular daraxt kesishga ruxsat bermaslik yoki jarima solish bilan cheklanib qolgan. Ammo qayerga, qanday ko‘chat ekish kerak, uning xarajati qayerdan qoplanadi – bu savollarga e’tibor ham berilmaydi. Natijada, loyiha ommaviy tashabbusga aylanolmaydi, faqat “buyuruqbozlik” asosida amalga oshadi va yakunda kutilgan natijani bermaydi.

Davlat rahbari tomonidan yig‘ilishda qayd etilgan muammolar – bu birlamchi simptomlar xolos, aslida ularning ildizi tizimdagi tashabbussizlik, shaxsiy mas’uliyat hissi yo‘qligi, mahalliy organlarning faqat nazoratchi sifatida ish yuritishidandir. Tuman darajasidagi tashkilotlar xizmat ko‘rsatish madaniyatini shakllantirishi, profilaktikaga e’tibor qaratishi darkor.

Umuman olganda, Prezident tanqidlari bugungi tuzilmalardagi chuqur muammolarni ochiq-oydin fosh qildi. Joylardagi tashkilotlar faqat “nazoratchi” emas, balki xalqqa xizmat qiluvchi organlarga aylanmasa, islohotlardan kutilgan samara bo‘lmaydi. Mas’ul shaxslar o‘z vazifasiga mas’uliyat va tashabbus bilan yondashishi – bugungi kunning asosiy talabidir.

Albatta, bu jarayonlarning to‘laqonli va xalqchil amalga oshirilishi biz, xaql vakillari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Xususan, qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish orqali, suv va kanalizatsiya xizmatidan tushgan mablag‘ning kamida 30-40 foizini tuman ixtiyorida qoldirish, zaxira mablag‘lari hisobidan avariya holatlariga oldindan tayyorgarlik ko‘rish, aholining fikri va shikoyati asosida tashkilotlar faoliyatini baholab borish mexanizimlarini ishlab chiqish darkor.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech