Xirosima meri: Yadro quroli yo‘q qilinishiga jamiyatning umumiy kelishuvi orqali erishiladi

Yaponiyaning Xirosima shahrida atom bombasi portlashi oqibatida halok bo‘lganlarni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu fojianing 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir yirik telekanallar va Internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga berildi.

Mer Kazumi Matsui barchani yadro quroliga qarshi “fuqarolik jamiyati konsensusi”ni yaratishga chaqirdi:

– Biz, fuqarolar taslim bo‘lmasligimiz kerak, – dedi yuqori martabali mulozim. – Haqiqiy tinchlikka erishish uchun yadro qurolini yo‘q qilish istagini fuqarolik jamiyati konsensusiga aylantirishimiz lozim. Buning uchun keyingi davr yukini zimmasiga oladigan yosh avlod harbiy xarajat, xavfsizlik va yadro quroli muammosi o‘z kelajagiga g‘ayri insoniy yakun olib kelishi mumkin bo‘lgan vositalar ekanligini anglab yetishi shart.

Marosimda Yaponiya siyosatchilari, 120 ga yaqin xorijiy davlat va viloyatlardan elchilar, vakillar, shuningdek atom bombasi dahshatini boshidan kechirgan shahar aholisi, ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

1945 yil 6 avgustda portlash o‘chog‘iga aylangan joyda qurbonlar xotirasiga Tinchlik bog‘i barpo etilgan. Bu manzilda halok bo‘lganlar jasadi yoqib yuborilgan. Hozir fojianing barcha ramziy qurbonlari uchun ommaviy qabr mavjud. Maxsus yodgorlikda “Tinch uxlang, bu xato takrorlanmaydi” degan yozuv bor.

Memorial bog‘ va muzeyda o‘sha mash’um kunlarga oid hujjatlar, eksponatlar saqlanadi. Atom quroliga ega barcha mamlakatlar tilida audio qo‘llanmalar mavjud.

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech