Xodimga chora ko‘rilmagan tushuntirish xati uchun keyinchalik chora ko‘rish mumkinmi?

Huquqiy munosabat

Deylik, xodim ishga kech qoldi. Shu sabab tushuntirish xatini yozganidan keyin unga nisbatan chora ko‘rilmagan. Ammo bir qancha vaqt o‘tgach, ushbu tushuntirish xati intizomiy jazo chorasi qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkinmi?

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Jaloliddin Qo‘chqorov bu borada quyidagicha tushuntirish berdi:  

– Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnat intizomini, ya’ni mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, jamoa kelishuvlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq belgilangan xulq-atvor qoidalarini buzgan yoki ulardan chetga chiqqan xodimdan tushuntirish xati olinadi va unga intizomiy jazo chorasi qo‘llaniladi.

Jumladan, xodim 2025 yil 1 aprel va 2 aprel sanasida ishga bir soat uzrli sabablarsiz kechikib keldi. U mana shu harakatlari bilan mehnat intizomini buzgan hisoblanadi. Ish beruvchi xodimdan tushuntirish xati olishi va intizomiy jazo chorasi qo‘llashi mumkin. Xo‘sh, ish beruvchi tushuntirish xati olsayu, lekin intizomiy chora qo‘llamasa nima bo‘ladi? (Odatda ish beruvchilar yig‘ib yuribman, papkaga tikib boryapman deb dag‘dag‘a qiladi).

Mehnat Kodeksining 314-moddasi 1-qismiga ko‘ra, intizomiy jazo intizomiy qilmish aniqlanganidan keyin darhol, biroq aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llaniladi, bunda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz bo‘lgan yoki ta’tilda bo‘lgan davr hisobga olinmaydi.

Demak xodim joriy yilning 1 aprel va 2 aprel sanasida ishga bir soat uzrli sabablarsiz kechikib keldi. Ish beruvchi buni o‘sha kunning o‘zidayoq aniqladi va xodimdan 2 aprel sanasida tushuntirish xati oldi. Mazkur mehnat intizomini buzish yuzasidan xodimga nisbatan 2 may sanasiga qadar (bir oydan kechiktirmay) intizomiy jazo chorasini qo‘llashi kerak. Bir oydan o‘tib ketdimi qo‘llay olmaydi. Bu degani, xodimning yozib bergan tushuntirish xati ham bir oydan keyin hech narsaga yaramay qoladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech