So‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.
Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Prezident tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targanini ta’kidlash lozim.
Ushbu Qonunga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish), 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), 141-3-modda (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan to‘ldirildi.
Joriy yilning birinchi yarmida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 986 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 358 nafariga jarima jazosi, 628 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 952 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 3 200 nafariga jarima jazosi, 1 752 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 231 nafar shaxs sudlanib, ularning 65 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 166 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan 99 nafar shaxs sudlanib, ularning 24 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 75 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Rasmiy xabarlar
- Qo'shildi: 05.08.2025
- Ko'rishlar: 76
- Chop etish