Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi. Ushbu qonun hujjati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Prezidentimizning 2019 yil 5 apreldagi farmoyishi bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish kontseptsiyasi asosida Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi 2 qism, 70 ta bob va 1 ming 178 ta moddadan iborat.
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti ma'lumotlariga qaraganda, Loyihani ishlab chiqishda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini o'rganishga katta ahamiyat berilgan.
Shu maqsadda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Xalqaro hamkorlik bo'yicha Germaniya jamiyati (GIZ) ko'magi bilan Germaniya, Frantsiya, Pol`sha, Rossiya, Pokiston davlatlaridan 20 nafardan ortiq ekspert maslahatchilar xizmatidan foydalanilgan.
Bundan tashqari, 12 nafar milliy ekspert bevosita Frantsiya, Pol`sha, Rossiya davlatlariga borib o'rganishlar o'tkazgan.
Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasiga:
investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini ta'minlash;
fuqarolik-huquqiy munosabatlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun huquqiy baza yaratish;
o'zini o'zi band qilish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yanada qulay sharoitlarni yuzaga keltirish;
shartnomaviy munosabatlarni erkinlashtirish va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolik-huquqiy himoyasini kuchaytirish sohalari bo'yicha ko'plab yangi normalar kiritilgan.
Fuqarolik kodeksi loyihasi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan. Jamoatchilik muhokamasi natijasida kelib tushgan takliflar asosida Kodeks loyihasi yanada takomillashtiriladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.11.2020
- Ko'rishlar: 5305
- Chop etish