Yangi tizim: Xalq qabulxonalari fuqarolar uchun yana umid markaziga aylanadi

Munosabat

Bugungi  kunda dunyoda turli mojarolar va to‘qnashuvlar avj olmoqda. Savdo aloqalari va logistika qiyinlashayapti. Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham ortib bormoqda.

Bu jarayonda barcha mas’ullar imkoniyatlarini to‘g‘ri baholab, tashabbus ko‘rsatib ishlashi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, muammolarni tez hal qilib berishi har qachongidanda zarur sanaladi.

Jumladan, hozirda har bir tumanda 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq, hali hanuz ayrim oddiy masalalarni hal qilish uchun ham viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishga majbur. Yoki bo‘lmasa, vakolati va mablag‘i yetarli bo‘lgan tashkilotlar o‘zini “nazoratchi” deb bilib, aholining og‘irini yengil qilish o‘rniga ortiqcha byurokratiya bilan shug‘ullanmoqda.

Vaholanki, keyingi yetti-sakkiz yilda “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi shart” degan ezgu tamoyil Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylanib ulgurdi. Ammo, oxirgi paytlarda aholi murojaatlari ortib, ijtimoiy tarmoqlarda davlat idoralari faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatidagi chiqishlar ham kuzatilmoqda. 

Achinarlisi, aholi murojaatlari uchun asoiy ijrochi va lokomotiv bo‘lishi kerak bo‘lgan Xalq qabulxonalari murojaatlarni hal qilish o‘rniga taqsimlash markaziga aylanib qolganligidir. Jumladan, 2024 yilda Xalq qabulxonalari va Prezidentning virtual qabulxonasiga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan. Bu shunchaki statistika emas – bu yuz minglab inson umidlari, to‘xtagan ishi, hal etilmagan qonuniy haq-huqlari demakdir.

Kuzatuv va tahlillarga ko‘ra, ba’zi viloyatlarda Xalq qabulxonalariga qilingan murojaatlardan samara bo‘lmagach, fuqarolar tomonidan Prezidentning shaxsiy qabuli so‘ralgan murojaatlar soni ham ortgan. Vaholanki, ushbu murojaatlarning aksariyati quyi tizimdagi ayrim mas’ul shaxslarning o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida kelib chiqqan va hudud darajasida hal etiladigan masalalar sanaladi.

Shu bois, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi tizim yaratilib, Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimlari o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydigan bo‘ldi. Buning natijasida, fuqarolar murojaati boshqa idoraga yuborilmasdan shu yerning o‘zida hal etiladi.

Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytirilib, masalalarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurs ham ajratiladi. Agar bu tizim to‘g‘ri amalga oshirilsa, xalq qabulxonalari fuqarolar uchun yana umid markaziga aylanadi. Odamlar yana ishonadi, ovozlari, taklif va tashabbuslari eshitilishidan mamnun bo‘ladi.

Qolaversa, endi hokimlar, vazirlar, mutasaddilar ko‘z bilan emas, qalb bilan eshitishi, hisobot bilan emas, amaliy natija bilan javob berishi talab etiladi. Murojaat emas, yechim berish – bugungi rahbarning asosiy burchiga aylanadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, yo‘lga qo‘yilayotgan har qanday islohotning haqiqiy samarasi joylarda – odamlar hayotida ko‘rinadi. Buning uchun esa islohotlar amalga oshish jarayonini nazorat qiluvchi, xalq so‘zini yuksak minbarlarga yetkazuvchi asosiy bo‘g‘in bu – halq vakillari, ya’ni deputatlardir.

Shu bois, hozirgi sharoitda deputatdan nafaqat qonun va qarorlar qabul qilish, balki ularning hayotga qanday tatbiq etilayotganini kuzatish va ta’sir qilish talab etilmoqda. Islohotlar qayerda ishlayapti, qayerda to‘xtab qolgani haqidagi eng muhim ma’lumot deputatlar orqali shakllanishi lozim. Shundagina aholi murojaatlari jonli eshitilib, масала rasmiy organga emas, ijobiy yechimga olib boriladi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA

Powered by GSpeech