Ginan shahri meri uch yil davomida xodimlarni ishga 8:25 da kelishga majburlagan. Bu ish vaqtidan tashqari ishlash deb tan olindi.
Yaponiyaning Ginan shahri meri davlat xizmatchilarini har kuni ishga besh daqiqa oldin kelishga majburladi. Xodimlar esa bu qarorga norozilik bildirib, Adolatli savdo komissiyasiga murojaat qildi. Natijada, ular ishni yutib chiqishga muvaffaq bo‘ldi va 67 ming dollar miqdorida kompensatsiya oldi, deb yozmoqda South China Morning Post.
Barchasi 2021 yil fevralda boshlangan. O‘sha paytdagi shahar meri davlat xizmatchilarini ish jadvali bo‘yicha belgilangan vaqtdan besh daqiqa oldin, ya’ni soat 08:25 da ishga kelishga majburlay boshlagan. Rahbariyat yangi qoidani hech qanday sabab bilan asoslamagan.
O‘sha paytda Ginan meriyasiga o‘z vakolatlarini tez-tez suiiste’mol qiladigan Xideo Kozima rahbarlik qilgan: masalan, u xodimlarga kichik xatolar uchun intizomiy jazo yoki ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishi mumkin edi. Kozima ushbu lavozimni 2024 yil mart oyida tark etdi.
Qoida joriy etilgandan so‘ng xodimlar norozilik bildira boshladi va vaqtidan avval kelishni ish vaqtidan tashqari ishlash sifatida tan oldirishga urindi.
2023 yil dekabrda ular Adolatli savdo komissiyasiga so‘nggi uch yil davomidagi qo‘shimcha ish soatlari uchun haq to‘lash talabi bilan murojaat qildi. O‘tgan yilning noyabr oyida komissiya xodimlar foydasiga qaror chiqardi va shahar hokimiyatiga ularga 67 ming AQSh dollari miqdorida kompensatsiya to‘lash majburiyatini yukladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 12.03.2025
- Ko'rishlar: 73
- Chop etish