Munosabat
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirishga doir muhim vazifalar belgilangan.
Xususan, har yili 200 million tup daraxt ekish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, ekiladigan har bir daraxtni parvarish qilish va sug‘orish tizimini yaratish, 1 984 ta yashil bog‘lar barpo etish, shu jumladan, 112 ta yirik sanoat korxonasi tomonidan o‘z va tutash hududlarida uch yil davomida 30 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘”lar barpo etish kabi tashabbuslar shular jumlasidandir.
Qolaversa, strategiya doirasida barcha davlat idoralari, korxonalar, ta’lim muassasalari hududlarida ham “yashil bog‘lar” bo‘ladi. Birgina Toshkent shahrida yashil maydonlar hududi 5 barobarga ko‘paytirilishi aytib o‘tilgan. Shahar va tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun “jamoat parklari” tashkil etiladi.
E’tiborli jihati, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘tgan to‘rt yilda 872 million tup daraxt va butalar ekilgan. Orolbo‘yi hududida 2 million “yashil qoplama”li hudud yaratilib, ekologik holatni yaxshilashga erishildi.
Davlatimiz rahbarining “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va unda belgilangan ustuvor vazifalar ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Hujjatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilayotgan daraxt va buta ko‘chatlari ko‘karuvchanligi, yashovchanligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda 2026 yil 1 yanvardan davlat o‘rmon xo‘jaliklarida respublika hududlari iqlim sharoitiga mos daraxt turlarining zamonaviy seleksiya usullaridan foydalanib, sifatli va kafolatlangan urug‘larni yetishtirish hajmini 1,5 baravar, yetkazib berilayotgan ko‘chatlar hajmini esa 2 baravarga oshirish belgilandi. Shuningdek, urug‘chilik laboratoriyalarida respublika hududlarining iqlim sharoitiga mos o‘simlik turlaridan onalik plantatsiyalari tashkil etiladi.
Sir emaski, ba’zan joylarda saylovchilar va fuqarolar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar hamda jamoatchilik faollarining ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida ayrim hududlarda loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarning o‘z vaqtida parvarish qilinmasligi, ko‘chatlar parvarish qilish imkoni mavjud bo‘lmagan cho‘l va tog‘oldi hududlarga ekilib nobud bo‘layotgani aytiladi. Millionlab davlat mablag‘lari havoga sovurilishi bilan bog‘liq salbiy holatlar ham uchrab turadi.

Farmonda yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, “Yashil makon” elektron platformasida ochiqlikni ta’minlash va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilikka “har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyili asosida onlayn yetkazib boriladi.
Shu bilan birga, platformada daraxt va butalarni kesish uchun ruxsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaxs to‘g‘risida ma’lumot, ko‘chirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraxt va ko‘chirish (kesish) sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto va videotasvirlari ham aks ettiriladi. Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu huquqbuzarliklar va ular yuzasidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha “Yashil makon” elektron platformasiga doimiy ravishda ma’lumotlar kiritib boriladi.
Yana bir muhim jihati, farmon bilan malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qartilmoqda. Jumladan, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti va unga biriktiriladigan “yashil” texnikumlarda o‘quv jarayoni dual ta’lim tizimi asosida yo‘lga qo‘yilib, ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarni tashkil qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda botanika yoki dendrologiya bog‘lari barpo etiladi. Urug‘chilik, ko‘chatchilik, iqlim o‘zgarishi sohalarida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil qilib boriladi.
Umuman olganda, farmon va unda belgilangan vazifalar loyiha doirasidagi tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, o‘rmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish ishlarini tizimli amalga oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA
- Qo'shildi: 09.06.2025
- Ko'rishlar: 260
- Chop etish