YeI va Markaziy Osiyo hamkorligi kengaymoqda

Joriy yil 12-18 mart kunlari Yevropa Ittifoqi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela Markaziy Osiyoning besh mamlakati bo‘ylab safar qiladi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tashrif bilan YeI va mintaqa davlatlari hamkorligini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan “Global darvoza” (Global Gateway) strategiyasini kengaytirish maqsad qilingan.

Komissar Sikela Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining muhim hamkori ekanini ta’kidlab, o‘zaro munosabatlarda ulkan salohiyat mavjudligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global muammolar mustahkam sheriklik zarurligini yana bir bor tasdiqlamoqda, YeI mintaqada amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga intilmoqda.

Tashrif davomida transport, muhim xom ashyo, raqamli aloqa, suv va energetika yo‘nalishlaridagi umumiy sa’y-harakatlar muhokama qilinadi. Jumladan, Transkaspiy transport yo‘lagini takomillashtirish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish, internet tezligini oshirish, ekologik toza va arzon energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Janob Sikelaning mintaqamiz bo‘ylab safari aynan O‘zbekistonda yakunlanadi. Komissar yurtimizda hukumat va biznes vakillari bilan uchrashadi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga boradi. Shuningdek, raqamli infratuzilmaga oid kelishuvlar imzolanishi ham kutilyapti.

YeIning “Team Europe” tamoyiliga asoslangan mazkur tashrif davomida Yevropa moliyaviy institutlari – Investitsiya hamda Tiklanish va taraqqiyot banki, xususiy sektor vakillari ishtirok etadi.

Ma’lumki, aprel oyida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti, iyunda esa “Global Gateway” forumi o‘tkaziladi. Ushbu tashrif jarayonida muhokama qilingan loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi ham kutilyapti.

Darvoqe, “Global darvoza” YeIning raqamli, energetika va transport sohalarida aqlli, ekologik toza va xavfsiz aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategiyasi bo‘lib, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilmiy tadqiqot tizimlarini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi. 

O‘zA

Powered by GSpeech