Yevropada o‘qituvchilar uy sotib olishi qanchalik oson?

“Euronews” ko‘hna qit’ada o‘qituvchi 100 m² uy sotib olish uchun necha oy ishlashi kerakligini hisoblab chiqdi. Mazkur tahlil umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilarining qonun hujjatlarida belgilangan ish haqiga asoslangan va ipoteka foiz stavkasini aks ettirmagan.

2023 yil o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada uy-joy masalasi odamlar o‘qituvchilik faoliyatini tanlashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, aholining 57 foizi murabbiy maoshi bilan uy olish imkonsiz, deb hisoblaydi.

Yevropaning 24 davlati orasida Irlandiya uy sotib olmoqchi bo‘lgan o‘qituvchilar uchun eng maqbul tanlov hisoblanadi. Bu davlatda 100 kvadrat metrlik mulk quyi o‘rta ta’lim o‘qituvchilari maoshining 106 barobariga teng. Yana bir necha mamlakatda o‘qituvchi 10 yillik maoshini jamg‘arish orqali turar-joy sotib olishi mumkin.

Ayni muddat Ispaniyada 112 oy, Niderlandiyada 114, Belgiyada 120, Lyuksemburgda 145, Germaniyada 157, Portugaliyada 162, Angliyada 175 oy. Boshqacha aytganda, bu o‘qituvchining 15-20 yillik ish haqi, degani.

Italiyalik o‘qituvchi buning uchun 191 oy mehnat qilishi kerak, keyingi o‘rinlarda Norvegiya (192) va Avstriya (203 oy). Fransiyada bu ko‘rsatkich 230 oyga to‘g‘ri keladi.

Ta’lim kishisi uy xarid qilishda eng ko‘p qiynaladigan mamlakat Vengriya: 35 yil, ya’ni 443 oylik tinimsiz mehnat. Slovakiya (398 oy) va Chexiya (383 oy)da ham ahvol yaxshimas.

So‘nggi yillarda Yevropaning juda mamlakatida muallim maoshi inflyatsiya tufayli yashash narxiga mos kelmayapti. 2015-2023 yillar oralig‘ida o‘rta maktab o‘qituvchilarining haqiqiy ish haqi 22 mamlakatdan 10 tasida pasaygan.
O‘qituvchilik – sharafli kasb. Shunday bo‘lsa-da, ushbu sohada ishlaydigan shaxslar moliyaviy jihatdan yetarli ta’minlanmasligi, shubhasiz ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qiladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Powered by GSpeech