Jenevada BMTning atrof-muhitni plastik chiqindidan himoya qilish bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bergan Euronews.
Yevropada yelim mahsulotlarning to‘rtdan uch qismi asosan qadoqlanmaydigan qurilish, mebel, to‘qimachilik va maishiy elektronika kabi yo‘nalishlarda ishlatiladi. G‘arbiy Yevropada yillik o‘rtacha ishlatish kishi boshiga taxminan 150 kg. Bu belgilangan me’yordan ikki barobar ko‘p, degani. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2040 yilga borib ko‘hna qit’a bo‘yicha yelim idishdan foydalanish 101,2 million tonnaga yetadi.
Ayni kunlarda Jenevada bo‘lib o‘tayotgan BMT konferensiyasida dunyo mamlakatlari plastik ifloslanish, jumladan dengizga shunday chiqindi tashlanishiga qarshi kurashishga qaratilgan kelishuv muhokama qilinmoqda. Mavzuning asosiy jihatlari sifatida bir martalik idish ishlab chiqarishni qisqartirish, plastmassada uchraydigan eng zararli kimyoviy moddalarni taqiqlash, yelim mahsulotlarni loyihalash bo‘yicha universal yo‘riqnoma ishlab chiqish va bunday tashabbuslarni moliyalashtirish e’tirof etilgan.
Bir guruh neft qazib oluvchi davlatlar, jumladan Rossiya va Saudiya Arabistoni bu takliflarga qarshi chiqmoqda. Ya’ni, ishlab chiqarishni qisqartirish emas, balki chiqindi bilan bog‘liq muammoni hal qilish va zararli mahsulotlarni qayta ishlashga qaratilgan sa’y-harakatni kuchaytirishni maslahat bermoqda. Har yili dunyo bo‘yicha 460 million tonna plastik mahsulot ishlab chiqariladi va bu miqdorning 81 foizi bir yildan kamroq vaqt ichida chiqindiga aylanadi. Tashlandiqning esa atigi 9 foizi qayta ishlanadi, beshdan biri tabiatga irg‘itilsa, qolgan yarmi chiqindixonani band qiladi.
Yevropada chiqindiga chiqqan yelim mahsulotlarning atigi 10 foizigina qayta ishlanarkan. 2040 yilga borib qayta ishlanmagan plastik chiqindi 47 foiz, atrof-muhitga yelim idish tarqalishi esa ikki barobar ko‘payishi bashorat qilinmoqda.
Ayni kunlarda Yevropa Ittifoqi hududida plastik chiqindi atrof-muhitga qasddan chiqarilishi 9 foiz ko‘paygan. Quruqlikdan tushadigan dengiz chiqindisining qariyb 85 foizi plastik idish. Bu suv jonivorlari va dengizdan oziqlanadigan inson salomatligi uchun xavf tug‘diradi. Atrof-muhitni ifloslantirishdan tashqari, plastik mahsulot ishlab chiqaruvchilar iqlim o‘zgarishiga ham sezilarli darajada salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
YeIda plastik ishlab chiqarish bilan bog‘liq yillik chiqindi miqdori taxminan 13,4 million tonna karbonat angidrid ajratadi. Bu birgina plastik ishlab chiqarishning tabiatga keltirayotgan zarari...
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA
- Qo'shildi: 15.08.2025
- Ko'rishlar: 15
- Chop etish