Butun dunyo, jumladan Yevropa mintaqasidagi muhim voqea-hodisalarni batafsil sharhlab boradigan mashhur nashr – “European Politics Review” jurnali davlatimiz rahbarining Fransiyaga davlat tashrifi xususida maxsus maqola e’lon qildi.
Materialda Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Yelisey saroyida muzokara o‘tkazgani, davlat rahbarlari tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida ko‘p qirrali o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini batafsil muhokama qilganiga e’tibor qaratilgan:

– O‘tgan yil ikki davlat savdo aylanmasi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni to‘rt barobar ko‘paydi. Orano, EDF, Total, SUEZ, Voltalia, Veolia kabi yirik kompaniyalar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik faol bosqichga kirgan, yangi hamkorlik dasturi qabul qilingan.
Muallif Fransiyaning turli shaharlarida o‘tkazilayotgan qo‘shma tadbirlar, shuningdek mazkur tashrif arafasida tashkil etilgan tibbiyot forumi, fan va ta’lim bo‘yicha konferensiya, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyati taqdimotiga alohida urg‘u qaratgan.
Mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida kelgusi yil Samarqandda O‘zbekiston va Fransiya mintaqalar forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani hamda Prezidentlar qayd etgan boshqa muhim masalalar sharhlangan.
Ta’kidlash joiz, “European Politics Review” nashri minglab manbalardan olingan yangiliklarni taqdim etish uchun ilg‘or intellektual tizimlardan foydalanadi. Global tarmoq tarkibidagi tahririyat jahon axborot makonidan munosib o‘rin egallagan.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 14.03.2025
- Ko'rishlar: 653
- Chop etish