Yo‘llar – mamlakatning rivojlanish darajasini ko‘rsatadigan ko‘zgu

Prezident tashabbuslari – amalda

Ba’zan avtomashina boshqaruviga o‘tirgan odam shaharga kirib borar ekan o‘zini soydagi sel oqimiga tushib qolganday his qiladi. 

Bu oqim qanday bo‘lishini ko‘z oldingizda gavdalantirib ko‘ring. U shovqin soladi. Eshilib, qirg‘oqlarni yemirib, loyqalanib oqadi. Yo‘liga tushib qolgan narsa borki domiga tortadi. Ba’zi joylariga shox-shabbalar, nimaligi noma’lum buyumlar to‘planib qoladi. Bu “yo‘l”ga tushgan narsaning ixtiyori o‘zida bo‘lmaydi. 

Tartibga solinmagan, ta’mirtalab, tor, zamonaviy boshqaruv tizimlari tatbiq qilinmagan shahar ko‘chalarini tabiatning shu hodisasiga o‘xshatish mumkinmi? Yo‘l madaniyati uncha yuqori bo‘lmagan haydovchi yoki piyodalarga duch kelganingizda ham o‘sha yovvoyi oqim yodingizga tushadi.

Bu kabi masalalar dunyoning istalgan davlatidagi istalgan shaharda u yoki bu darajada mavjud. Xalqaro tajribada yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish uchun turli yechimlar qidirayotganlar ham ko‘p. Bugun biz boshqalar haqida emas, o‘zimizda taqdim etilayotgan yechimlarga to‘xtalamiz.

Zamonaviy shaharlar taraqqiyotida yo‘l harakati xavfsizligi, transport infratuzilmasi va tirbandliklarni kamaytirish masalalari eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan aholi soni, avtomobillar ko‘payishi va iqtisodiy faollikning ortgani bu sohada yangicha yondashuvlarni talab etmoqda.

Bugun shahar yo‘llariga qarab mamlakatning rivojlanganlik darajasini aniqlash mumkin, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Poytaxtimizda yo‘llarni tartibga solish, zamonaviy talablarga moslashtirish uchun tizimli ishlar qilinmoqda. Hududlarda ham bu borada muayyan choralar ko‘rilyapti. So‘nggi yillarda yo‘l qurilishi va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan. Bu raqam yetti-sakkiz yil oldingi davrlarda berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘pligini anglatadi.

Harakat xavfsizligi yo‘llarning holati va qulayligiga bog‘liqligi ma’lum. Ko‘plab tumanlarda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, avtohalokatlar ehtimoli kamaytirilgan. Lekin yo‘l-transport hodisalari soni yuqoriligicha qolayotgan, boshqa muammolari bor hududlarimiz ham oz emasligini tan olishimiz lozim. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mavjud muammolarni bartaraf etish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani ham e’tiborga molik.

Shu o‘rinda yo‘llarimizdagi muammolarni yuzaga keltirayotgan ba’zi holatlarga to‘xtalish lozim. Hozirda yurtimiz avtomobil yo‘llarida bir ming ikki yuzdan ortiq qayrilib olish joyi bor. Ularning faqatgina bir yuz qirq oltitasida yer osti va yer ustidan qayrilish mumkin. O‘n mingdan ziyod piyoda o‘tish joyining atigi bir yuz ellikdan ortig‘ida shunday qulaylik bor.

– Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezidentimiz tomonidan qator masalalarga yechim bo‘ladigan topshiriqlar berildi, – deydi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov. – Mamlakatimiz taraqqiy etyapti, aholining daromadi oshyapti. Buning natijasida yo‘llarimizda transport vositalari soni ham ko‘paymoqda. Bu sharoitda transport vositalari harakatini to‘g‘ri tashkil qilish, bunda yo‘l infratuzilmasi qurilishida zamonaviy loyihalarni tatbiq etish, xalqaro tajribani o‘rganib borish talab etiladi. 

Aytaylik, chorrahalarni faqat svetafor orqali tartibga solish bilan cheklanib qolmasligimiz lozim. Ikki sathli aylanib o‘tish yoki qayrilib olish joylarini qurishga e’tibor qaratmoqdamiz. Piyodalar uchun ham ham yer osti-yer usti o‘tish joylari qurilishi kerak. Buning uchun xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilinadi. Bu ishlarni tartibli olib borish uchun to‘rt ming kilometrlik muhim yo‘llarimizni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar oldik. Xatlov natijalariga ko‘ra qayerda ikki sathli aylanib o‘tish joyini quramiz, qayerda tunnel bunyod etamiz, qayerda boshqa zarur inshootlarni barpo etamiz degan savollarga javob topamiz.

Yo‘llarda sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalarning asosiy sababi inson omili va infratuzilmaning yetarli darajada mukammal emasligi kabi omillarga bog‘liq. Xavfsizlikni ta’minlash uchun intellektual transport tizimlari joriy etish lozim. Bu svetoforlarni aqlli boshqarish, kameralar orqali nazorat tizimini zamonga moslashtirish degani. 

Sohadagi uch ming to‘rt yuz nafarga yaqin xodim elektron planshet va bodikamera bilan ta’minlandi. Qoidabuzarliklarni sun’iy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi. Shaharlarda esa jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar ajratildi.

Avtomobillar sonining keskin ortishi, aholi zichligi yuqori hududlarda transport oqimini samarali boshqarish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu muammoni hal qilishda an’anaviy choralardan tashqari, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt asosidagi tizimlar yetakchi o‘rinni egallab bormoqda. Yo‘llardagi harakat jarayonini real vaqtda tahlil qilish va oqimni optimallashtirish juda muhim. Tegishli vazirliklar hamkorligida bu bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Aholi zichligi yuqori hududlarda yo‘l belgilari va yoritish tizimini yangilash ham kutilgan natijani beradi. Harakat madaniyatini oshirish – aholi o‘rtasida profilaktika tadbirlari, ta’lim muassasalarida xavfsiz harakat saboqlarini olib borish ham masalaning yana bir muhim tomoni.

Darvoqe, yig‘ilishda “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishi ma’lum qilingan edi. Buning uchun “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu yil unga barcha manbalar hisobidan 400 milliard so‘m tushishi hisob-kitob qilingan.

Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida hisob raqami bo‘lishi qayd etildi. Ichki ishlar tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlari chizishga mas’ul korxonalar ham viloyat tasarrufiga o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun bir vaqtning o‘zida texnik, huquqiy va madaniy choralar amalga oshirilmoqda.

Aholining mas’uliyatli ishtirokisiz mavjud masalalarni to‘liq hal etish qiyin. Shu bois har birimizda islohotlarga daxldorlik hissi bo‘lishi kerak.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech