Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o'n sakkiz yosh etib belgilovchi norma kiritilganligi muhimligi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Xotin-qizlar huquq va manfaatlarining kafolati O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, milliy qonunchilik, hukumat qarorlari hamda davlat dasturlarida o'z aksini topgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 22 aprelidagi «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori mazkur yo'nalishdagi ishlarning mantiqiy davomidir.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi o'n sakkiz yosh etib belgilandi.
Aytish joizki, bugungi kunga qadar yurtimizda oila qurishning eng kichik yoshi yigitlar uchun 18, qizlar uchun 17 yosh etib belgilangan edi.
O'z navbatida bu qator muammolarni keltirib chiqarar, hatto oila atalmish muqaddas qo'rg'onning buzilishi holatlari kuzatilardi. Bunga esa ikki tomon, ya'ni kelin-kuyovning nikoh qurishga tayyor emasligi, oilaviy munosabatlardan bexabarligi kabi boshqa tamoyillar ham sabab bo'layotgandi.
Agar ayol sog'lom bo'lsa, undan sog'lom bola dunyoga keladi. U baxtiyor ona bo'lib, farzandini bag'riga bossa, nafaqat o'zi, balki butun bir oila ham quvonchga to'ladi. Bu esa yosh oilaning mustahkam oilalar qatoridan joy olishida muhim omil bo'ladi.
Mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Eng muhimi, xotin-qizlar sog'lig'ini asrash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yigitlar va qizlar uchun nikoh yoshi tenglashtirilgani, ya'ni 18 yosh etib belgilangani mamlakatdagi shiddatli o'zgarishlar uzluksiz ta'lim tizimini joriy etish, shuningdek, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash uchun sharoit yaratishi bilan ahamiyatlidir. Bu qoida BMT Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasining tavsiyasi bo'yicha joriy etildi.
BMT Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining 1-moddasiga ko'ra 18 yoshga to'lmagan har qanday inson bola hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi mazkur Konventsiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo'shilgan. Biroq milliy qonunchiligimizda o'n sakkiz yoshga yetmagan shaxsni nikoh tuzish yoki
turmushga chiqishiga ruxsat berilishi haqidagi normaning mavjudligi xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalari va printsiplariga muvofiq emas edi.
Endilikda Oila kodeksining 15-moddasi birinchi qismi bilan nikoh yoshi yigitlar va qizlar uchun 18 yosh etib belgilanmoqda. Amalda nikoh yoshi yigitlar uchun o'n sakkiz yosh, qizlar uchun o'n yetti yosh edi.
Ma'lumot uchun: FHDYO organlari tomonidan 17 yoshda nikohi qayd etilgan xotin-qizlar soni 2016 yilda 4233 tani, 2017 yilda 4853 tani va 2018 yilda 5123 tani tashkil etgan.
Qonun qabul qilinishi xotin-qizlarning erta nikohi va erta tug'uruqning oldini olishga xizmat qiladi. Qonunni ishlab chiqish jarayonida xorijiy mamlakatlarda nikoh yoshi qanday belgilanganligi holati ham o'rganilgan.
Jumladan, Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Ozarboyjon, Ukraina, Moldova, Frantsiya, Germaniya va Filippin kabi dunyoning 154 ta mamlakatida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o'n sakkiz yosh etib belgilangan.
- Qo'shildi: 26.08.2019
- Ko'rishlar: 12079
- Chop etish