21 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Inson huquqlariga oid adabiyotlar burchagi” tashkil etildi. Shuningdek, 22 fevralda Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markaziga ayni mavzudagi kitoblar taqdim qilindi. Har ikki ma’rifiy-huquqiy tadbir “Inson huquqlari haftaligi” doirasida tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Qarorda, shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish va Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yo‘nalishi” tashkil etilayotgani ta’kidlandi. Ushbu axborot-kutubxona markazlari fondi endilikda Milliy markaz tomonidan inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalar bilan doimiy ta’minlab boriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yurtimiz hududlaridagi kutubxonalarga asosan inson huquqlari sohasida ta’lim yo‘nalishidagi kitoblarni beg‘araz taqdim etmoqda. Bolalar huquqlariga oid adabiyotlar, xotin-qizlar huquqlariga taalluqli to‘plamlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid kitoblar, “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” turkumidagi risolalar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yangi sonlari shular jumlasiga kiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.03.2023
- Ko'rishlar: 12325
- Chop etish