2018-2019 yillarda O'zbekistonda inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati: Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning axboroti ko'rib chiqildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig'ilishida parlamentning ustuvor vazifalari to'g'risida to'xtalib, jumladan, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishda xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham Qonunchilik palatasining diqqat markazida bo'lishi kerakligiga alohida e'tibor qaratgandi. Davlat boshlig'i ta'kidlaganidek, “Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta'minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e'zozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir”.

Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020 yil 5 may kuni bo'lib o'tgan yalpi majlisida birinchi marotaba Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining axboroti ko'rib chiqildi. Axborot 2018-2019 yillarda O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro  majburiyatlarga rioya qilinishining holatiga bag'ishlangan.

Qonunchilik palatasi majlisida yangilanayotgan O'zbekiston xalqaro huquqning sub'ekti sifatida inson huquqlari sohasida xalqaro  hamkorlik borasida ham rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarilgani e'tirof etildi. Mamlakat xalqaro  norma ijodkorligi faoliyatining faol ishtirokchisi sifatida yangi xalqaro  shartnomalarning tashabbuskori sifatida jahon maydoniga dadil chiqayotgani buni tasdiqlaydi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu xalqaro tashkilotning 73-sessiyasida ilgari surgan tashabbus hayotga tatbiq etilganiga yaqqol amaliy misoldir. Bu muhim natija O'zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalishiga katta turtki berdi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborotida qayd etilganidek, O'zbekiston Respublikasi hozirgi paytgacha inson huquqlari sohasidagi 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. O'zbekiston tomonidan ushbu xalqaro hujjatlarning bajarilishi bo'yicha milliy ma'ruzalar BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda.

Mamlakatda keyingi ikki yilda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka  implementatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 10 dekabr` – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi nishonlangan kunda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risidagi qarorni imzoladi. Ushbu qaror, o'z navbatida, inson huquqlariga doir ma'ruzalarni tayyorlash bo'yicha milliy mexanizmlarni mustahkamlash hamda kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish borasida BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining chaqirig'iga javob bo'ldi.

Qarorda Markaz har yili O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to'g'risida axborot taqdim etishi belgilangan. Hozirgi kunda ushbu axborot tegishli tartibda kiritildi.

Parlamentlararo Ittifoq tavsiyalariga asosan Markaz bilan Oliy Majlis palatalari o'rtasida keng qamrovli hamkorlik o'rnatilgan. Jumladan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo'yicha milliy ma'ruzalar loyihalari hamda bu ma'ruzalarni BMTning shartnomaviy qo'mitalarida ko'rib chiqish natijalari yuzasidan parlament qo'mitalarida muntazam muhokamalar o'tkazish an'anasi shakllantirildi.

Inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalariga izchil amal qilinmoqda. Xususan, bugungi kunda bu borada milliy harakatlar rejalarini («Yo'l xaritalari»ni) bevosita Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etilgan.

Xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish maqsadida o'tgan davrda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo'yicha takliflar tayyorlandi. Jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”, “Bepul yuridik yordam to'g'risida”, “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida”gi qonun loyihalariga takliflar berildi.

Keyingi yillarda O'zbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qo'llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi.

2018 yil noyabr` oyida Samarqand shahrida BMT tashkil etilganidan keyingi 70 yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi bo'lib o'tdi. Forumda BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. O'zbekiston parlamenti inson huquqlarining “samarqandcha ruhi”ni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni tasdiqladi.

Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida O'zbekiston BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Xalqaro hujjat loyihasi barcha manfaatdor tomonlarga muhokama uchun jo'natildi.

2019 yilda BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya qabul qilinganining 40 yilligini nishonlashga bag'ishlangan keng ko'lamdagi tadbirlar o'tkazildi.

2019 yil sentyabrida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonga keldi. BMT maxsus ma'ruzachisi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qabulida bo'ldi.

2019 yilda O'zbekiston tomonidan inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo'yicha beshta milliy ma'ruza tayyorlanib, taqdim etildi. Xususan, BMT tomonidan Qiynoqlar bo'yicha konventsiya bajarilishi borasida O'zbekistonning Beshinchi ma'ruzasi hamda Irqiy kamsitishlar barcha shakllarini bartaraf etish to'g'risidagi konventsiya bajarilishi bo'yicha O'zbekistonning O'ninchi-O'n ikkinchi ma'ruzasi ko'rib chiqildi.

O'zbekiston Respublikasining BMT Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi parlament tomonidan tasdiqlandi. Shu asosda “Yo'l xaritasi”da belgilangan tadbirlar izchil bajarilmoqda.

BMTning ustav va shartnomaviy organlari, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda. O'zbekiston 2021-2023 yillarga bo'lgan davrda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik uchun nomzodini ilgari surishi bo'yicha bayonot berdi. Hozirda mazkur Kengashga a'zolik uchun nomzodni ilgari surish bo'yicha siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorligi faollashdi. O'zbekiston Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha deklaratsiyasini tayyorlashda faol ishtirok etdi va Deklaratsiyada inson huquqlari sohasida ta'lim to'g'risidagi normalarni kiritishni taklif etdi.

2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinch, demokratik jamiyatlar qurish va barqaror rivojlanishda yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida Oltinchi yillik seminari o'tkazildi. Xalqaro anjuman yakunida Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarda yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

O'tgan davr mobaynida inson huquqlari bo'yicha muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konventsiyasi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining 3 ta shartnomasi va boshqa bir qator xalqaro hujjatlar tasdiqlandi.

O'zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro nohukumat tashkilotlar bilan hamkorligi faollashdi. O'zbekistonga «X`yuman Rayts Votch», «Amnesti Interneyshnl», «Kotton Kampeyn», Norvegiya Xel`sinki qo'mitasi, Xalqaro yuristlar komissiyasi, Inson huquqlari bo'yicha xalqaro hamkorlik kabi xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari tashrif buyurdi.

Hozirgi kunda O'zbekistonda 10 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki  tobora kuchayib bormoqda.

Mazkur institutlar yurtimizda demokratik qadriyatlarni himoya qilishda faol qatnashmoqda. Keyingi davrda ularning davlat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va ijtimoiy sheriklikning huquqiy asoslarini mustahkamlash borasidagi faoliyati tubdan kuchaygani alohida e'tiborga molikdir.

Yalpi majlisda so'zga chiqqan Qonunchilik palatasi deputatlari inson huquqlari qonun ustuvorligi va demokratiya amalda bo'lgan barcha jamiyatlar qo'llab-quvvatlaydigan asosiy tamoyil ekaniga e'tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, inson huquqlarini hurmat qilish – biz barpo etayotgan adolatli jamiyatning uzviy xususiyati, milliy va umuminsoniy mezoni hisoblanadi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining ushbu yo'nalishdagi faoliyati deputatlar tomonidan ma'qullandi. Shu bilan birga, qonun loyihalarini insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari bilan mukammallashtirish, bu borada rivojlangan davlatlarning ibratli tajribasini o'rganish, saylovchilarning inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonligini oshirish masalalari bo'yicha fikrlar bildirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2018-2019 yillarda O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo'yicha xalqaro  majburiyatlarga rioya qilinishining holati yuzasidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi axboroti to'g'risida tegishli qaror qabul qildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech