Advokatlar palatasi mustaqilligi: xalqaro standartlar va xorijiy tajriba

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Advokatlar palatasi va "Yuksalish" umumilliy harakati tomonidan "Advokatlar palatasining institutsional va funktsional mustaqilligi: xalqaro standartlar va xorijiy tajriba" mavzuida ilmiy seminar tashkil etildi.

Ushbu tadbirning o'tkazilishini O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti, "Mintaqaviy muloqot" tashkiloti, shuningdek AQSH Davlat departamentining  Narkotik moddalarning xalqaro ko'lamda aylanishiga qarshi kurash va huquqni muhofaza qilish bo'yicha byurosi kabi bir qator milliy va xorijiy hamkorlar qo'llab-quvvatladi.

Ikki kunlik ilmiy anjuman ishida O'zbekiston, AQSH, Sloveniya, Germaniya, Frantsiya va Italiyadan 100 nafardan ziyod huquqshunos ishtirok etdi. Onlayn muloqotda so'zga chiqqan ishtirokchilardan har biri adavokatlar mustaqilligini ta'minlash bo'yicha o'z mamlakati tajribasi xususida to'xtaldi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O'zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaralariga doir muhim ma'lumotlarni xalqaro jamoatchilik e'tiboriga taqdim etar ekan, mamlakatimizda sudlov organlari va advokatura mustaqilligi borasidagi xalqaro huquqiy standartlarga jiddiy e'tibor qaratilayotganini alohida ta'kidladi. 

BMTning Inson huquqlari kengashi va boshqa shartnomaviy qo'mitalarida O'zbekistonning milliy ma'ruzalarini ko'rib chiqish jarayonlarida sud`yalar, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga inson huquqlari bo'yicha ta'lim berish masalasiga muntazam e'tibor qaratib kelinmoqda.

Mamlakatimizda BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va malaka to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakatlar dasturi ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda bu Dastur izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi doimiy ravishda sud`yalar, prokurorlar va advokatlar bilan odil sudlov sohasidagi xalqaro standartlarni milliy amaliyotga implementatsiya qilish masalalari bo'yicha turli tadbirlar - seminar va treninglar, uchrashuv va munozaralar o'tkazib kelmoqda.

Bundan tashqari, Hukumat qarori bilan Markaz qoshida "Inson huquqlari bo'yicha o'quv kurslari" tashkil etilgan. Ushbu mashg'ulotlarda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ayni yo'nalishda tahsil oladilar.

Ilmiy seminar davomida O'zbekiston Advokatlar palatasining institutsional va funktsional mustaqilligini ta'minlash bilan bog'liq masalalar ko'rib chiqildi. Sud jarayonlarida teng huquqlilik va o'zaro tortishuv printsiplarini ta'minlash, advokaturani aholi ishonchiga sazovor institutga aylantirish, professional huquqiy yordam ko'rsatish sifatini oshirish va advokatlik kasbi nufuzini yuksaltirish borasida istiqbolda amalga oshiriladigan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

O'zbekiston Advokatlar palatasi tomonidan tayyorlangan "Advokatura institutini rivojlantirish kontseptsiyasi" loyihasi qo'llab-quvvatlandi. Seminar ishtirokchilari qayd etganlaridek, ushbu loyihada advokatlarning huquqiy maqomini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech