Andijonda ichki ishlar organi xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan fuqaro A. Abdukarimov vafot etishi ortidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, 3 nafar IIB xodimi hisbga olinganidan xabaringiz bor. Jinoyat ishi bo'yicha yangi tafsilot haqida xabar.uz sayti axborot tarqatdi.
Gap shundaki, tergov jarayonida xolislik va qonuniylikni ta'minlash maqsadida «delo» Andijon shahar prokuraturasidan Bosh prokuratura ish yurituviga olingan. Bu haqda «Xabar.uz»ga mahkama matbuot xizmati ma'lum qilgan.
Unga ko'ra, jinoyat ishi markaziy mahkamaning O'ta og'ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari o'tkazilmoqda. Jinoyat ishi mamlakat Bosh prokurorining shaxsiy nazoratiga olingan.
Ma'lumot uchun: ushbu fojiali holat haqida OAV va Internetda xabar tarqalgani zahoti Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N. Yo'ldoshevga va O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P. Bobojonovga rasmiy xat bilan murojaat qilgandi.
Markaz bayonotida ta'kidlanganidek, bu qayg'uli holat avvalo navqiron bir insonning umriga zomin bo'lgani va marhumning oila a'zolarini cheksiz motamu ayriliq g'amiga duchor etgani bilan har birimizni aslo befarq qoldirmaydi. Shu bilan birga, mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga keng aholining salbiy munosabati shakllanishiga olib kelishi mumkinligi tashvish uyg'otmay qolmaydi.
Shu omillarning barchasini hisobga olgan holda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Andijon shahrida sodir bo'lgan mazkur holat qat'iy nazoratga olingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.06.2020
- Ko'rishlar: 4055
- Chop etish