Aholi bilan ochiq muloqot

Joriy  yilning 14-18 dekabr kunlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas'ul xodimlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2018 yildagi PQ-4056 son Qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi to'g'risida”gi Nizom hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 22.06.2020 yilgi “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-6012 son Farmoni hamda Milliy markazning 2020 yilga mo'ljallangan ish rejasining ijrosi yuzasidan Buxoro va Navoiy viloyatlarida aholi o'rtasida uchrashuvlar o'tkazishdi.

Xususan, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi “Tinchlik”, “Bo'ston” maxalla fuqarolar yig'inlari, Kogon tumanidagi “Kogon”, “Naqshbandiy” maxalla fuqarolar yig'inlarida, Navoiy viloyati, Zarafshon shahridagi “Bahor”, “Oltin vodiy” maxalla fuqarolar yig'inlarida  yashovchi aholi o'rtasida uchrashuvlar o'tkazildi.

Markaz xodimlari tomonidan uchrashuvda ishtirok etgan fuqarolarni qiziqtirgan savollariga javob hamda huquqiy maslahatlar berishdi.

Bundan tashqari, mazkur uchrashuvlarda ishtirok etgan fuqarolar, xususan, maxalla faollari tomonidan O'zbekiston Respublikasining turli qonun hujjatlariga tegishli qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish lozimligi to'g'risidagi tegishli takliflari bilan o'rtoqlashishdi.

Davra suhbatlari yakunida MFY lariga Milliy markaz tomonidan chop etilgan turli kitoblar sovg'a qilindi.

Mazkur tadbirlar asnosida Milliy markaz xodimlari tomonidan Navoiy Davlat pedagogika instituti qoshidagi Akademik litsey hamda 16-sonli ixtisoslashtirilgan maktabida o'quvchilar bilan uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Uchrashuvlarda o'quvchilarni qiziqtirgan savollariga javob berildi hamda suhbatda o'zining tashabbuskorligi, savodxonligi bilan namunali ishtirok etgan o'quvchilarga Milliy markazning sovg'alari topshirildi. Shuningdek, o'quv dargohlarida mavjud kutubxonalarga Milliy markaz muassisligida chop etilgan huquqiy hamda adabiy kitoblar taqdim etildi.

Qayd etilganlardan tashqari, Milliy markaz xodimlari tomonidan Navoiy viloyati, Navoiy shahar “Istiqlol” maxalla fuqarolar yig'inida yashovchi bir guruh fuqarolarning Navoiy shahrida 2015 yilda rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan uy-joylari buzilishi oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplab berilmayotganligi to'g'risidagi murojaatlari bo'yicha sayyor qabul tashkil qilindi.

Uchrashuv jarayonida ishtirok etgan fuqarolarning  murojaatlari tinglandi, ularda mavjud tegishli hujjatlari bilan tanishib chiqildi hamda O'zbekiston Respublikasi Uy-joy, Fuqarolik, Fuqarolik-protsessual kodekslari hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonuni va masalaga doir boshqa taalluqli qonun hujjatlari talablari tushuntirildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo'limi

Powered by GSpeech