AQSH O'zbekistonning inson huquqlari himoyasini yaxshilash borasidagi yutuqlarini e'tirof etdi

Amerika Qo'shma Shtatlari O'zbekistonning inson huquqlari himoyasini yaxshilash, majburiy mehnatga qarshi kurashish, diniy erkinliklarni kengaytirish bo'yicha islohotlarni amalga oshirishdagi muhim yutuqlarini e'tirof etdi va O'zbekistonning 2021—2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanishini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Bu haqda O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning 20 noyabr` kuni Vashington shahrida O'zbekiston–AQSH siyosiy maslahatlashuvlari sakkizinchi raundida ishtirok etgani  haqidagi vazirlik matbuot xizmati xabarida ma'lumot berilgan.

Shu manbaga ko'ra, AQSH delegatsiyasiga Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha Davlat kotibi yordamchisining birinchi o'rinbosari Din Tompson boshchilik qilgan.

O'zbekiston delegatsiyasi tarkibidan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Prezidentning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o'rinbosari Laziz Qudratov ham joy olgan.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari hamda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil may oyida AQShga tashrifi yakunlari bo'yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi muhokama qilingan. Ko'p qirrali O'zbekiston—AQSH hamkorligini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo'nalishlari belgilab olingan.

Ikki tomon ham hamkorlikning joriy o'sish sur'atlarini saqlab qolishga, qo'shma kun tartibining barcha masalalari bo'yicha yaqin va muntazam muloqotda bo'lishga, strategik sheriklikning shartnoma-huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashga qiziqish bildirilgan.

Ta'kidlanishicha, AQSH tomoni Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan, respublika hayotining barcha jabhalarini qamrab oluvchi keng miqyosli islohotlarning natijalariga yuqori baho bergan.

Amerika tomoniga BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida O'zbekiston rahbari ilgari surgan tashabbuslarning kontseptual ahamiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berilgan.

Muloqot asnosida «C5+1» shakli mintaqaviy hamkorlikni ilgari surishda va birgalikdagi ishlarning aniq yo'nalishlarini belgilab olishda muhim o'rin tutishi e'tirof etilgan. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyoning global transport va tranzit koridorlariga chuqur integratiyalashuvini ta'minlash hamda mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya va energetika sohalaridagi aloqalarni faollashtirish bo'yicha amaliy choralarni kuchaytirish masalalarining muhimligi ta'kidlangan.

«O'zbekiston–AQSH–Afg'oniston» uch tomonlama hamkorlik doirasidagi munosabatlarga alohida e'tibor qaratilgan. Afg'onistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy va integratsiya jarayonlariga faol jalb etish hamda uning tranzit salohiyatini oshiruvchi investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish mazkur mamlakatda mustahkam tinchlik o'rnatishning muhim yo'nalishlari sifatida qayd etilgan.

Muzokaralar yakunlari bo'yicha yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar shaklini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to'g'risida qaror qabul qilingan. «Muloqotning ta'sis yig'ilishini 2021 yilda Toshkent shahrida o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi», — deyiladi xabarda.

O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiyaning AQShga tashrifi doirasida boshqa bir qator muhim muloqotlar ham o'tkazilgan. Delagatsiya a'zolarining AQSH Davlat kotibi yordamchisi, Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi rahbari Robert Destro bilan muloqoti, delegatsiya rahbari Abdulaziz Komilovning Pentagon rahbari vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller bilan uchrashuvi shular jumlasidandir.

Uchrashuvlarda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha atroflicha fikr almashilgan. Tomonlar o'zaro manfaatli sohalarda O'zbekiston-AQSH aloqalarini jadallashtirishga intilish qat'iy ekanini ta'kidladilar, deyilada tashrif jarayonlarini keng yoritgan OAV xabarlarida.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech