Qozog‘iston Respublikasi poytaxtida Ostona xalqaro forumi (AIF - 2025) bo‘lib o‘tmoqda.
“AIF - 2025”da 600 ga yaqin xorijiy mehmonlar, jumladan, yetakchi siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar, korporatsiyalar, sarmoyadorlar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Forum dasturi zamonamizning asosiy muammolarini qamrab olgan. Tadbir doirasida yalpi majlis va 25 ta muhokama va munozalarlarga asoslangan muloqot maydonchalari tashkil etildi.
Tadbirning kuni kecha bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Ruanda, Shimoliy Makedoniya Prezidentlari, boshqa davlatlar bosh vazirlari, o‘rinbosarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

70 dan ortiq davlatdan kelgan yetakchi axborot agentliklari, telekanallar va boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlari forum ishini bevosita yoritib bormoqda.
Bugun ham forum o‘z ishini davom ettirmoqda. Qozog‘iston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Italiya Vazirlar Kengashi raisi Giorgia Meloni Qosim-Jomart Toqayev bilan birga forumning maxsus sessiyasida ishtirok etdi.
Italiya Bosh vaziri hozirgi geosiyosiy vaziyat va mintaqaviy hamkorlik to‘g‘risida nutq so‘zladi.
Bugun Ostonaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 30 may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo – Italiya" formatidagi oliy darajadagi sammitda ishtirok etadi.
Umuman, bugun Ostona shahri tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik, energiya va iqlim o‘zgarishi hamda iqtisodiyot va moliya kabi global masalalar muhokamasi qizg‘in davom etayotgan muhim muloqot maydoniga aylangan.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Toshkent – Ostona
- Qo'shildi: 30.05.2025
- Ko'rishlar: 437
- Chop etish