BMTning 75-yubiley sessiyasi: tarixga – ibrat, kelajakka – ishonch nigohi ila

Joriy yil 15 sentyabr kuni N`yu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasi boshlandi. BMT oliy organi bo'lmish Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasi, mazkur nufuzli xalqaro tashkilot Nizomiga muvofiq, har yili sentyabr` oyining uchinchi seshanbasida ochilishi an'anaga aylangan.

Bosh Assambleya 75-sessiyasi kun tartibida 23 sentyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning ma'ruzasi ko'zda tutilgan. Davlatimiz rahbarining BMT yuksak minbaridan ilk bor o'zbek tilida yangraydigan navbatdagi chiqishidan ham nafaqat xalqimiz, balki mintaqamiz, butun dunyo jamoatchiligi o'tkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni kutmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning "BMTning 75-yubiley sessiyasi: tarixga – ibrat, kelajakka – ishonch nigohi ila" sarlavhali maqolasida shu haqda so'z boradi. Maqola "Yangi O'zbekiston" gazetasining 2020 yil 22 sentyabr sonida e'lon qilingan.

Maqolada, shuningdek BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining o'ziga xos xususiyatlari tahlil qilingan. BMT ushbu sessiyaga tayyorgarlik doirasida joriy yilning yanvar` oyidan boshlab turli mamlakatlar, tarmoqlar va avlodlarni qamrab olgan keng ko'lamli xalqaro muloqotlar o'tkazgani xususida atroflicha fikr yuritilgan.

Muallif qayd etganidek, mamlakatimiz BMT Bosh kotibi ilgari surgan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi: kelajakka nigoh» mavzusida turkum Global munozaralar o'tkazish tashabbusini to'la qo'llab-quvvatlagan. Shu tashabbus doirasida joriy yil davomida milliy va xalqaro hamkorlar bilan uchta global onlayn munozara tashkil qilingan.

O'zbekiston BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarni ma'qullaydi. Binobarin, bugungi kunda, ayniqsa, jahon hamjamiyati vujudga kelgan yangi vaziyatga moslashishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni faollashtirishi talab etilayotgan hozirgi paytda ushbu Tashkilot o'ta muhim ahamiyatga egadir.

Ma'lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoevning videokonferentsiya shaklida o'tadigan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so'zlaydigan nutqi translyatsiyasini 23 sentyabr, chorshanba kuni soat 18:00 da quyidagi telekanallar va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tomosha qiling:

"O'zbekiston", "O'zbekiston 24", "Zo'r TV", "Sevimli TV" (o'zbek tilida);

"Yoshlar", "Toshkent" (rus tilida);

"Uzreport TV", “Dunyo bo’ylab” (ingliz tilida).

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech