Diqqat: "Butunjahon bolalar kuni" onlayn ko'rik-tanlovi

Butunjahon bolalar kuni birinchi marta 1954 yilda Umumjahon bolalar kuni sifatida tashkil etilgan va har yili 20 noyabrda xalqaro hamjihatlikni targ'ib qilish, dunyo bo'ylab bolalar o'rtasida xabardorlikni kengaytirish va bolalar farovonligini oshirish maqsadida nishonlanadi.

20 noyabr` - muhim sana. Chunki 1959 yilning ushbu sanasida BMT Bosh Assambleyasi Bola huquqlari deklaratsiyasini qabul qilgan. 1989 yilda 20 noyabrda esa BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya qabul qilingan.

Bola huquqlari - bolaga nisbatan inson huquqlari toifasi, irqi, jinsi, tili, dini, tug'ilgan joyi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulki, ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, har bir bola ega bo'lishi kerak bo'lgan huquq va erkinliklardir. Xalqaro huquqda voyaga yetmaganlarning barchasi bola deb tan olingan.

Bola huquqlari bo'yicha xalqaro va milliy darajada ko'plab maxsus hujjatlar mavjud. Bola huquqlari bo'yicha xalqaro majburiy darajadagi asosiy hujjat Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya hisoblanadi. Konventsiya 54 ta moddadan iborat bo'lib, N`yu-Yorkda 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan.

Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya BMTning bolalikni muhofaza qilish bo'yicha eng universal hujjati hisoblanadi. Unda mustahkamlab qo'yilgan bola huquq va manfaatlarining barcha qirralari 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining «Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi qonunida o'z ifodasini topgan.

Aziz bolajonlar, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti Sizlarni Butun jahon bolalar kuni bilan mubarokbod etgan holda, onlayn ko'rik-tanlovga taklif etadi.

Tanlovda O'zbekistonning 7 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan barcha  o'quvchi-yoshlari ishtirok etishlari mumkin.

Tanlov shartlari quyidagicha:

Eng yaxshi ijro etilgan qo'shiq: bunda, joriy yilda BMT tuzilganligining 75 yilligiga bag'ishlangan "UN75" onlayn-tadbirida O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijodiy rahbarligida O'zbekiston Qahramoni, shoir Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi asosida o'zbek, qozoq, turk, arab, ingliz, rus, ital`yan va tojik tillarida kuylangan qo'shiqni ijro etib, video ko'rinishda
yuboring.

Bola huquqlariga oid eng ta'sirli tayyorlangan videorolik: bunda Siz ijodiy yondashgan holda bolalar huquqlariga oid roliklar tayyorlab yuborishingiz mumkin. 
Bola huquqlariga oid eng ma'noli chizilgan rasm: Siz ushbu yo'nalishdagi o'z ijodiy namunalaringizni yuborishingiz lozim.

Bola huquqlariga oid eng yaxshi tayyorlangan huquqiy ma'lumotlar:
ushbu ma'lumotlar Sizning ijrongizdagi videorolik ko'rinishida bo'lishi lozim.

Baholash mezonlari quyidagicha:

Ijodiy ishning mavzuga mosligiga – 50 ballgacha;

Ijodiy ishning ta'sirchanligiga – 50 ballgacha;

Tanlovda 4 yo'nalish bo'yicha 3 nafardan mutlaq g'olib va mamlakatimizning barcha hududlaridan 1 nafardan eng faol ishtirokchilar tanlab olinadi.

G'oliblarga hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari topshiriladi.

Tanlovni tashkil qilishdan asosiy maqsad va vazifalar quyidagilardan iborat:

O'quvchi-yoshlar o'rtasida huquqiy bilimdonlikni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish, ijodiy salohiyatlarini, vatanparvarlik tuyg'ulari, ular qalbida yot g'oya ta'sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, yurtimizda o'sib kelayotgan yosh avlodni huquqiy jamiyatga bo'lgan hurmat ruhida tarbiyalash va faxr tuyg'usini shakllantirish, mustaqil va erkin fikrlovchi, qat'iy e'tiqodga ega bo'lgan yuksak bilimli, intellektual salohiyatli, mustaqillik tamoyillariga sodiq, jismoniy va ma'naviy jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini yosh avlod ongiga chuqur singdirishdan iborat.

Mazkur tanlov joriy yilning 7 noyabr` kuni boshlandi. Tanlov materiallari @Respublikatanlov profilida qabul qilinmoqda.

Tanlov g'oliblari 20 noyabr` kuni @YoshlarParlamenti_Senat telegram kanalida e'lon qilinadi.

Aziz bolajonlar, barchangizga omad tilaymiz.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech