30 iyun - Xalqaro parlamentarizm kuni
Bu yil Xalqaro parlamentarizm kuni uchinchi bor nishonlanmoqda. Bayramni tashkil etish tashabbusi 2018 yilning 22 may kuni BMT Bosh Assambleyasida ma'qullanib, yuzdan ziyod davlat tegishli rezolyutsiyaga qo'shilgan. Ushbu sana esa, Parlamentlararo ittifoq — parlamentlar global tashkilotining 1889 yil 30 iyundagi birinchi yig'ilishi sharafiga belgilangan.
Bugungi kunda har bir mamlakat u yoki bu shakldagi vakillik organiga ega. BMTga a'zo 193 davlatdan 79 tasida ikki palatali va 114 tasida bir palatali tizim amal qilmoqda. Shunday qilib, dunyodagi parlamentlarning 272 ta palatasi qariyb 46 ming a'zoga ega.
Dunyoning 27 mamlakatida milliy parlamentarizm kuni nishonlanadi. Parlamentarizm nafaqat sof milliy hodisa, balki transchegaraviy mazmunga ham egadir. Butun dunyo parlamentlarining a'zolari ushbu sananing ahamiyati va zaruratiga tobora ishonch hosil qilmoqda. Ularning fikricha, kasb kunini nishonlash global parlamentarizm institutini rivojlantirish, eng yaxshi parlament an'analarini saqlab qolish va ko'paytirib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Endilikda parlament diplomatiyasi eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etish, zamonaviy muammo va tahdidlarga javob izlashda turli mamlakatlar parlamentlari a'zolarining o'zaro hamkorligini mustahkamlashga samarali zamin hozirlamoqda.
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong quyidagilarni ta'kidladi: «Parlamentlararo ittifoq parlamentlarni demokratiyaning fundamental institutlari sifatida mustahkamlash uchun tinimsiz ishlamoqda. Xalqaro parlamentarizm kuni munosabati bilan dunyoning barcha parlamentlariga o'z quvvatlashimni bildirmoqchiman. Parlamentlar a'zolaridan o'z mamlakatlari xalqi bilan ko'proq ishlashni, ular vakili bo'lgan xalq hayotini yaxshilashini so'raymiz».
Xalqaro va mintaqaviy darajada parlamentarizmni rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, Parlamentlararo ittifoq, Yevropa parlamenti, Markaziy Amerika parlamenti, Arab parlamenti, MDH parlamentlararo Assambleyasi, Yevropa Kengashi va YeXHT parlament assambleyalari samarali faoliyat ko'rsatmoqda.
Ta'kidlash joizki, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashda Parlamentlararo ittifoqning o'rni beqiyosdir. Zero, ushbu xalqaro tashkilot ikki asr vaqt va ikki jahon urushini boshdan kechirgan. Uning sakkiz nafar vakili, jumladan, tashkilot asoschilari bo'lmish frantsiyalik Frederik Passi va angliyalik Uilyam Kremer Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo'lgan.
Parlamentlararo ittifoq 179 mamlakatdagi parlamentlarning eng yirik uyushmasi sifatida BMTning parlament sohasidagi mezoniga aylanib bormoqda. Agar Parlamentlararo ittifoqni tashkil etuvchi barcha davlatlarning saylovchilari soni hisoblab chiqilsa, hozirgi kunda tashkilot sayyoramizdagi 6,5 mlrd kishining vakillik organi sifatida namoyon bo'lishini anglash qiyin emas. Eng muhimi, Parlamentlararo ittifoq «yangi yechimlar va yangi g'oyalar uchun platforma»ga aylanmoqda.
BMT xalqaro va mintaqaviy parlament birlashmalarining muhim rolini munosib baholaydi. Shu bilan bir qatorda, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo'yicha milliy rejalar va strategiyalarni amalga oshirishda, shuningdek mintaqaviy va global darajalarda shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlashda milliy parlamentlarning muhim rolini ham e'tirof etadi.
Parlamentlar milliy va xalqaro kun tartiblarini muvofiqlashtirishga yordam berishda noyob imkoniyatga ega. Ular xalqaro majburiyatlarni yuzaga keltiradigan qonunlar qabul qiladi. Shu bilan birga, byudjet xarajatlarini nazorat qiladi va hukumatlarning fuqarolar, ya'ni elektorat hamda xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini bajarishdagi faoliyatini kuzatib boradi.
Tarixan parlamentlar — demokratiyaning asosi hisoblanadi. Ular xalq fikrini aks ettiradi, qonunlar qabul qiladi, qonun va siyosatni amalga oshirish uchun mablag' ajratadi va hukumatlarga talablar qo'yadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi — xalqaro parlament hamjamiyatining to'laqonli a'zosidir. Parlamentlararo ittifoq, YEXHT Parlamentlararo Assambleyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi va parlamentlarning boshqa xalqaro forumlari faoliyatida ishtirok etadi.
Parlamentimiz Parlamentlararo ittifoqning qarorlari va boshqa hujjatlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Bu bilan dunyoda tinchlik, xavfsizlik, barqaror rivojlanish va hamkorlik bo'yicha parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga o'z hissasini qo'shmoqda.
Tashkilot faoliyatida Oliy Majlis palatalarining ishtiroki assambleya, doimiy qo'mitalar, xalqaro forum va seminarlar, shuningdek Parlamentlararo ittifoqning asosiy hujjatlarida belgilangan tamoyil va mexanizmlarni amaliyotga joriy etish orqali amalga oshiriladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, izchil islohotlarni amalga oshirishda parlament demokratiyaning haqiqiy maktabi, tashabbuskori va hal qiluvchi kuchiga aylanishi lozim. Demokratik jarayonlarda parlament hamda siyosiy partiyalar juda muhim va mas'uliyatli rol` o'ynaydi.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, Oliy Majlis palatalarining rolini oshirish, ijro organlari ustidan parlament nazoratini o'rnatish, shuningdek qonunlarning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlariga ta'sirini mustahkamlashga qaratilgan qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish bo'yicha qonunchilik va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Parlamenti qonun ijodkorligi bilan bir qatorda nazorat faoliyati, xususan, parlament eshituvlarini o'tkazish, byudjet nazorati, hukumat soatlari, deputatlik so'rovlarini tashkil etish hamda saylovchilar bilan muntazam uchrashuvlarga alohida e'tibor qaratmoqda.
Keyingi yillarda xalq saylagan parlament va mahalliy hokimiyat vakillarining o'rni va ahamiyati tubdan o'zgardi. Parlamentlararo ittifoq tavsiyalariga ko'ra Oliy Majlis va siyosiy partiyalarning vakolatlari kengaytirilib, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlandi.
Bundan tashqari, davlat hokimiyati organlari, sud`yalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan parlament va mahalliy Kengashlarda hisobot va ma'lumotlarni taqdim etish tartibi joriy etildi.
Hukumat a'zolari mas'uliyatini mustahkamlash bo'yicha qonun doirasida zarur tartib-taomillar tatbiq qilingan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi a'zolari Qonunchilik palatasi roziligi va Bosh vazir kiritgan taqdimnomaga asosan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadilar.
Parlament, shuningdek har chorakda davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi Vazirlar Mahkamasining tegishli yilga mo'ljallangan davlat dasturi ijrosi to'g'risidagi hisobotini ko'rib chiqadi.
Deputatlar va senatorlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasida vaziyatni o'rganish hamda dolzarb masalalarni hal etishda aniq yordam ko'rsatish uchun muntazam ravishda joylarga chiqadilar. Ushbu barcha chora-tadbirlar islohotlarning: «xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan bosh tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan.
Parlamentning zamonaviy sharoitlardagi qonun ijodkorligi faoliyatiga xos muhim yangiliklarni ham alohida qayd etish lozim. Misol uchun, qonunchilik jarayonida keng jamoatchilik fikrini inobatga olish, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali «Mening fikrim» jamoatchilik eshituvi mexanizmining amalga oshirilishi amaliyotidan foydalanish qonun loyihalarini maromiga yetkazib tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari holati to'g'risidagi hisobotni joriy etish, fuqarolar huquqlarining ayrim toifalarini amalga oshirishni ta'minlash bo'yicha «yo'l xaritalari» tuzish, xalqaro va mintaqaviy inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorlikni rivojlantirish - bularning barchasi Parlament a'zolari uchun yangi rivojlanish bosqichidagi muhim vazifalar hisoblanadi.
Parlamentlararo ittifoq va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan «Parlamentning inson huquqlari sohasidagi o'zaro hamkorligi: harakatlar uchun ilg'or amaliyotlarni va yangi imkoniyatlarni aniqlash» mavzuidagi xalqaro seminarda O'zbekiston Parlamentining inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishdagi o'rni alohida ta'kidlandi.
Xususan, BMTning oliy martabali shaxslari O'zbekistonga tashrif buyurganlaridan so'ng Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan «Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar tavsiyalarini amalga oshirish bo'yicha harakatlar rejasi» va Din yoki e'tiqod erkinligi masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisining tavsiyalarini amalga oshirish uchun «Yo'l xaritasi» qabul qilindi.
Hukumatning 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to'g'risidagi axboroti ham jahon jamoatchiligida katta qiziqish uyg'otdi.
Parlamentlararo ittifoq Oliy Majlis huzurida 2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonning milliy barqaror rivojlanish maqsad va vazifalarining amalga oshirilishini nazorat qilish hamda Nodavlat tashkilotlar, OAV va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha ikkita parlament komissiyasi tuzilganini mamnuniyat bilan kutib oldi.
Ta'kidlash joizki, jahonning ko'plab ekspertlari Xalqaro parlamentarizm kunini ta'sis etish tashabbusini ma'qulladilar. Jumladan, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish parlament a'zolarining muhim hissasiga to'xtalib: «Parlament a'zolari qonunlar orqali barqaror rivojlanishga erishishi, sog'lom sayyorada tinch va barqaror jamiyat qurishga salmoqli hissa qo'shishlari mumkin. Butun dunyo parlamentlari a'zolariga o'z qo'llab-quvvatlashimni bildirib, ular xizmat qilayotgan xalq ehtiyojlarini qondirish yo'lidagi sa'y-harakatlariga ehtiromimni bildirmoqchiman», deya qayd etdi.
O'z navbatida, Parlamentlararo ittifoq prezidenti Gabriela Kuevas Barron shunday deb qayd etdi: «Xalqaro parlamentarizm kuni demokratiya va erkinlikni hamda inson huquqlarini har qachongidan ham ko'proq himoya qilish kerak bo'lgan paytda, ayniqsa, dolzarbdir. Biz xalqni ifodalovchi xalq vakillari va parlamentlar bilan hamisha hamjihatmiz. Bu sana aynan ularning bayramidir».
Shunday qilib, Xalqaro parlamentarizm kuni parlament tizimining ahamiyati va parlamentlarning butun dunyodagi insonlar hayotini yaxshilashdagi roliga e'tiborni jalb etishga qaratilgan. Zero, kuchli parlamentlar — demokratiya poydevoridir.
Akmal SAIDOV,
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari
("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 30 iyun soni)
- Qo'shildi: 30.06.2020
- Ko'rishlar: 4308
- Chop etish