Inson borki, u xoh yosh yoki keksa bo'lsin, fuqaro sifatida qonuniy manfaati to'laqonli ta'minlanishini istaydi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi ana shu ezgu maqsad yo'lida faoliyat yuritib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining bundan ikki yil oldin, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi nishonlangan sanada, ya'ni 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarorida belgilanganidek, Markaz:
o'zining Konstitutsiyamiz, qonunlar va inson huquqlari sohasidagi umume'tirof etilgan xalqaro huquq me'yorlari qoidalarini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish;
inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish;
mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etilishi va bu huquqlarning muhofaza qilinishi yuzasidan milliy ma'ruzalar tayyorlash;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, shuningdek inson huquqlari bo'yicha jamoat birlashmalariga maslahatlar berish;
inson huquqlarini rag'batlantirish va muhofaza qilishning turli jihatlari yuzasidan tadqiqotlar o'tkazish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Yaqinda Markazning faol va katta avlod vakillaridan to'rt nafari “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Jumladan, Erkin Ernazarovga I darajali, Farida Bakaeva va Farhod Nizomovga II darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiev topshirdi.
Tadbirda so'zga chiqqan “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining o'rinbosari Sharof Ubaydullaev Markaz faxriylarining yurtimiz nuroniylari huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarini alohida ta'kidladi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatimizda nuroniylarning huquqlarini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yurtimizda keksalarga yaratilgan shart-sharoitlar, pensiya tizimidagi islohotlar samaralari haqida to'xtaldi. Markazning “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan nuroniylarini tabrikladi.
Sayyora QODIROVA
- Qo'shildi: 16.12.2020
- Ko'rishlar: 3778
- Chop etish