Inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish yo'lida muhim qadam qo'yildi

O'zbekistonda yangi bir Ma'rifiy uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgan hozirgi jarayonlarning muhim jihati inson huquqlarini himoya qilish sohasining rivojlanayotgani bilan chambarchas bog'liq. Kuni kecha ushbu yo'nalishda yana bir muhim tadbir amalga oshirildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini ijro etish doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida yuridik fanlar va sotsiologiya fanlari bo'yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash tuzildi. Ilmiy kengashga “Inson huquqlari” (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosligi bo'yicha dissertatsiyalar himoyasini o'tkazishga ruxsat berildi.

2020 yil 23 dekabr kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida mazkur Ilmiy kengashning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishni Kengash raisi, Markaz direktorining birinchi o'rinbosari, yuridik fanlar doktori M.Tillaboev olib bordi. Ilmiy kengash a'zolari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, sotsiologiya fanlari doktori T. Norboeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, akademik A.Saidov, G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, akademik Q.Abduraxmanov, yuridik fanlar doktori A.To'laganov so'zga chiqib, “Inson huquqlari” ixtisosligi ochilganligining ahamiyati hamda Ilmiy kengash oldida turgan vazifalar to'g'risida gapirdilar.

Tadbirda ta'kidlanganidek, yangi ixtisoslik joriy qilinishi misolida O'zbekiston shu sohada malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashni ixtisoslashtirayotgan jahondagi dastlabki mamlakatlardan biriga aylanganini ko'rsatadi. Yangi ixtisoslik inson huquqlari sohasidagi muammolarning ham yuridik, ham sotsiologik jihatdan tadqiq etilishini ta'minlaydi.

Bu boradagi tadqiqot ishlarining salmog'i va sifati, avvalambor, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro, mintaqaviy va milliy asoslarini nazariy hamda amaliy jihatdan o'rganishda muhim omil bo'ladi. Shu bilan birga, yangi Ilmiy kengash fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yangi tadqiqot maydoniga aylanib, kelajakda inson huquqlari sohasida ilmiy maktablarning rivojlanishiga turtki berishi tayin.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech