Insonparvarlik va saxovatpeshalik – xalqimizga xos qadriyat

El boshiga ish tushgan bugungi sinov davrida hech kim befarq va loqayd emas. Ayniqsa, yurtdoshlarimizga ma'naviy va moddiy yordam taqdim etayotgan, muhtojlarga yordam qo'lini uzatayotgan, bunday savobli ishlar uchun o'z vaqti, mablag'i va xizmatlarini ayamayotgan turli tashkilotlar mas'ullari, deputatlar, tadbirkorlar - barcha saxovatpesha insonlarning sa'y-harakatlari tahsinga sazovordir.

Koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash doirasida «O'zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi tashkil etilganiga uncha ko'p vaqt bo'lmadi. Shunday murakkab vaziyatda mazkur fondga to'xtovsiz kelib tushayotgan beminnat mablag'lar misolida ham xalqimizga xos bo'lgan insonparvarlik, saxovatpeshalik va birdamlik fazilatlari yaqqol namoyon bo'lmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Markazning davriy nashri hisoblanuvchi «Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali  tahririyati xodimlari ham ushbu fond mablag'lari ko'payishiga ixtiyoriy ravishda o'z hissalarini qo'shdilar.

Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz ahil va jips bo'lsa, har birimiz tozalik, tartib va intizomga qat'iy rioya qilsak, albatta, bu kasallikni yengamiz. Eng muhimi, hamisha o'zaro ahil, hamjihat va mehr-oqibatli bo'laylik.

 

O'zA

Powered by GSpeech