Mamlakatimiz inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo'yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yo'lidan izchil odimlamoqda. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi 2020 yil 15 oktyabr kuni bu borada muhim ahamiyat kasb etadigan qo'shma qaror qabul qildi.
Ushbu qo'shma qaror bilan "Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to'g'risidagi xalqaro konventsiya qoidalarini bajarish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining O'ninchi – O'n ikkinchi davriy ma'ruzalarini ko'rib chiqish yakunlari yuzasidan BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020 – 2022 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar rejasi" tasdiqlandi.
Milliy harakatlar rejasida BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining 19 ta tavsiyasini amalga oshirish bo'yicha bir qator aniq tadbirlar qayd etilgan. Shuningdek, ushbu vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari, bajarish muddatlari va mas'ul ijrochilar belgilangan.
Milliy harakatlar rejasining ijrosini ta'minlash vazifasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklangan. Qo'shma qarorga muvofiq, Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishini monitoring qilish bo'yicha ishchi guruh tarkibi ham tuzilgan.
Ishchi guruh Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari, Vazirlar Mahkamasi tarkibidagi tuzilmalar, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz, huquqni muhofaza qilish organlari, vazirliklar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan iborat.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.11.2020
- Ko'rishlar: 3897
- Chop etish