21 dekabr kuni “Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish” mavzuida navbatdagi uch kunlik trening boshlandi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va ishtirokchilarni qutladi.
Treningdan ko'zlangan maqsad – O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Bosh prokuratura Akademiyasi va Advokatlar palatasi vakillarini Istanbul protokolining asosiy qoidalari hamda qiynoqlarni tergov qilish, hujjatlashtirish va sudga berish jarayoni bilan tanishtirishdan iborat.
Trening davomida ishtirokchilar tibbiy-huquqiy hujjatlar, qiynoq turlari va ularning sog'liq uchun oqibatlari, Inson xuquqlari bo'yicha Yevropa sudi va BMTning qiynoqlarga qarshi qo'mitasi bilan tanishdilar.
Maxsus taklif etilgan xalqaro ekspertlar qiynoqlarni tergov qilish va hujjatlashtirish, Istanbul protokoli bo'yicha qiynoqlarni tergov qilishning xalqaro standartlari, qiynoqlarni tergov qilishda mutaxassislarning o'zaro hamkorligi, qiynoqlarning jismoniy va psixologik dalillari va boshqalar to'g'risida ma'lumot berdilar.
Trening doirasida “Qiynoqlarni va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoni samarali tergov qilish va hujjatlashtirish (Instanbul protokoli)” qo'llanmasining taqdimoti bo'lib o'tdi.
Tadbir so'ngida trening ishtirokchilari qiynoqlarning oldini olish masalalari bo'yicha o'zaro hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.12.2020
- Ko'rishlar: 3649
- Chop etish