– BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan shu yil 19-25 sentyabr` kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo'ldi. Avvalo, ushbu tashrifning muhim xususiyatlari haqida qisqacha so'zlab bersangiz?
– Fikrimcha, BMT Maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan mamlakatimizdagi davlat hokimiyati organlarining barcha birinchi rahbarlari bilan uchrashib, yuzma-yuz muloqotda bo'lgani mazkur tashrifning asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, u O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qabulida bo'lganida mamlakatda 2016 yildan buyon izchil amalga oshirilayotgan noyob islohotlar dasturi haqida atroflicha fikrlashish imkoniga ega bo'lganidan mamnunligini izhor qildi. Davlatimiz rahbarining yetakchilik salohiyatini, milliy va xalqaro darajadagi tashabbuslari, xususan, sud-huquq tizimida amalga oshirayotgan islohotlarini e'tirof etishini bildirdi.
O'zbekiston Konstitutsiyasi 11-moddasiga muvofiq, mamlakatimiz davlat hokimiyati tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo'linishi printsipiga asoslanadi. Shu ma'noda, sud tizimining faoliyatiga qonun chiqaruvchi hokimiyat ham, ijro etuvchi hokimiyat ham aralashishi mumkin emas.
Xuddi shu printsip BMT Maxsus ma'ruzachisining O'zbekistonga tashrifidan ko'zlagan maqsadi bilan chambarchas bog'liq. Shuning uchun u qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati mutasaddilari bilan ko'plab uchrashuvlar o'tkazdi.
Xususan, qonun chiqaruvchi hokimiyat tizimini oladigan bo'lsak, Oliy Majlis Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri va Ombudsman bilan muloqotda bo'ldi.
Ijro etuvchi hokimiyat tizimidan – Tashqi ishlar vaziri, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori, Adliya vaziri, Ichki ishlar vaziri, Bosh prokuror, shuningdek, Samarqand va Farg'ona viloyatlaridagi ichki ishlar, adliya hamda prokuratura organlari rahbarlari bilan muloqotda bo'ldi. Har ikki viloyatda Prezident Xalq qabulxonalari mutasaddilarining ishlari bilan tanishdi.
Sud hokimiyati tizimini olib qaraydigan bo'lsak, Oliy sud raisi, Konstitutsiyaviy sud raisi, Sudyalar oliy kengashi raisi va Sud`yalar oliy maktabi rahbari, bundan tashqari Samarqand va Farg'ona viloyat, shahar, tumanlararo sudlar rahbarlari va sud`yalar bilan uchrashganini aytish lozim bo'ladi.
BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi yurtimizdagi fuqarolik jamiyati institutlarida ham uchrashuvlar o'tkazdi. Advokatlar palatasida advokatlar bilan muloqotda bo'ldi. Bundan tashqari, huquq himoyachilari bilan suhbatlashdi. Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining davra suhbatida ham ishtirok etdi.
Shuningdek, janob Diego Garsiya-Sayan bilan Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetida beshta oliy ta'lim muassasasidan jam bo'lgan 100 nafardan ziyod huquqshunos talaba-yoshlar o'rtasida juda qiziqarli uchrashuv bo'ldi. Bu uchrashuvda Xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, BMT Maxsus ma'ruzachisi tashrifining yakunida jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o'tkazdi. Mazkur tadbir to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi.
Shunday qilib, nufuzli xalqaro tashkilotning martabali eksperti o'zini qiziqtiradigan barcha masalalar bo'yicha birlamchi va ishonchli manbalardan ma'lumot olish imkoniga ega bo'ldi.
Bu fikrlarni janob Diego Garsiya-Sayanning o'zi ham e'tirof etdi. “Kimlar bilan uchrashishni istagan bo'lsam, barchalari bilan muloqotda bo'lish imkoni yaratilganidan minnatdorman”, dedi mehmon tashrifi yakunida.
Darvoqe, u mazkur tashrifga tayyorgarlik ko'rishiga qadar O'zbekiston haqida umri davomida faqat bir martagina, o'shanda ham 1966 yili Toshkentda zilzila sodir bo'lgani to'g'risida eshitgan ekan, xolos. Endi esa “O'zbekistonda atigi bir hafta yurgan bo'lsam-da, xuddi yarim yil shu yerda yashagandek o'zimni emin-erkin his etdim”, deb aytdi safar yakunida janob Diego Garsiya-Sayan.
– BMT Inson huquqlari kengashi sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisining ushbu tashrifidan ko'zlangan asosiy maqsad nima edi? Va shu maqsadga erishildimi?
– Bu savolingizga asosli javob berish uchun, oldin Diego Garsiya-Sayanning mandatiga, ya'ni uning lavozimi bilan bog'liq vakolatlariga e'tibor qaratish o'rinli, deb o'ylayman.
Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachi instituti BMT Inson huquqlari bo'yicha komissiyasi (hozirgi – BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi) 1994 yilda qabul qilgan rezolyutsiya asosida ta'sis etilgan. O'tgan 25 yil davomida Maxsus ma'ruzachilar qariyb 40 ta mamlakatga tashrif buyurishgan.
Maxsus ma'ruzachi – inson huquqlari bo'yicha muayyan mamlakatdagi vaziyat yoki aniq bir mavzuni o'rganish va bu haqda ma'ruzalar taqdim etish uchun BMT
Inson huquqlari bo'yicha kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil ekspertdir. Bugungi kunda BMT tizimida inson huquqlarining turli sohalariga ixtisoslashgan 44 nafar maxsus ma'ruzachi
mavjud.
Maxsus ma'ruzachi faxriy lavozim hisoblanadi. Ya'ni, u BMT xodimlari sirasiga kirmaydi va unga ish haqi to'lanmaydi. Maxsus ma'ruzachi faoliyatining xolisligi va beg'arazligini ta'minlashda bu omil muhim ahamiyat kasb etadi.
Diego Garsiya-Sayan asli Lotin Amerikasi mintaqasidagi Peru mamlakatida tug'ilib-o'sgan taniqli yurist, malakali sud`ya va mohir diplomatdir. U BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi lavozimiga 2016 yili dekabr oyida tayinlangan va keyingi chorak asr ichida shu lavozimda ishlayotgan beshinchi ekspertdir.
Endi bevosita Diego Garsiya-Sayanning mamlakatimizga tashrifidan ko'zlangan asosiy maqsadga to'xtalamiz.
Ma'lumki, o'tgan uch yil davomida hayotimizning barcha sohalari qatori sud-huquq tizimida ham shiddatli islohotlar amalga oshirildi. Keyingi davrda O'zbekiston sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini ta'minlash Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Bu borada muayyan natijalarga erishilgani xalqaro ekspertlar tomonidan e'tirof etilmoqda. Diego Garsiya-Sayanning ta'kidlashicha, ana shu tub yangilanishlarning mohiyati, jumladan, sud`yalarning mustaqil qaror qabul qilishiga xalal beradigan siyosiy ta'sirlarni kamaytirishga qaratilganida yaqqol namoyon bo'lmoqda.
Mo''tabar mehmon sud-huquq tizimini isloh qilish, sudlar mustaqilligini ta'minlash, odil sudlov tamoyillarini qaror toptirish borasida O'zbekistonda qisqa fursatda erishilgan bir qator ijobiy o'zgarishlarga e'tibor qaratdi.
Birinchidan, yangi konstitutsiyaviy organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgan bo'lib, u sud tizimi va sud`yalar mustaqilligini ta'minlash borasida keng vakolatlarga ega.
Ikkinchidan, Sudyalar oliy kengashi qoshida Sudyalar oliy maktabi ochilgani, o'z navbatida, sud`yalarni o'qitish va malakasini oshirish ishlarining muntazamligini ta'minlashga qaratilgan.
Uchinchidan, o'z xizmat vazifalarini bajarayotgan sud`yalarning xavfsizligini ta'minlash bo'yicha zarur choralar ko'rilgan.
To'rtinchidan, sudlov ma'muriyatiga taalluqli bir qator ma'muriy va texnik funkiyalar Adliya vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini ta'minlash bo'yicha departament vakolatiga o'tkazilgan.
Beshinchidan, Oliy sud veb-saytida sud qarorlari muntazam e'lon qilib borilmoqda, odil sudlovdan foydalanish shaffofligi va qulayliklarini ta'minlash maqsadida sud tizimiga raqamli axborot texnologiyalari izchil tatbiq etilmoqda.
Oltinchidan, Advokatlar palatasi ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil faoliyat yuritishini ta'minlashga doir kafolatlar yaratilgan.
Yettinchidan, korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etish sohasida bir qancha ta'sirchan qadamlar qo'yilgan, jumladan, “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilingan va uning ijrosini ta'minlash mexanizmlari ishlab chiqilgan.
BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistonda keyingi uch yilda oqlov hukmlari keskin ko'payganini sudlarning prokuraturadan mustaqil, erkin faoliyat olib borishlarini ta'minlash borasidagi amaliy ishlarning yaqqol natijasi, deb baholadi. So'nggi yillarda mamlakatimizda jinoyatchiliklar soni 2,5 barobar kamayganini ham e'tirof etdi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi Samarqand va Farg'ona viloyatlariga safari paytida yana ikkita muhim yangilikni kashf etganini aytdi.
Birinchi yangilik – sudlarga tatbiq etilgan «E-sud» milliy tizimidir. Mazkur milliy elektron sudlov axborot tizimi O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda qonun ustuvorligi yo'lida hamkorlik” qo'shma loyihasi doirasida ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.
Diego Garsiya-Sayan ushbu tizim fuqarolik ishlarini sudlarda ko'rib chiqish muddatlarini qisqartirish, sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada sansalorlik va byurokratizm holatlariga yo'l qo'ymaslik kabi maqsadlarga xizmat qilayotganini Samarqandda ham, Farg'onada ham o'z ko'zlari bilan ko'rdi va qoyil qoldi.
Mehmon «E-sud» milliy tizimi sud`yalarning ishini juda osonlashtirishi va yengillashtirishi bilan birga, atrof muhitni himoya qilish va daraxtlarni asrab-avaylash imkonini ham berishiga e'tibor qaratdi. “Chunki mazkur yangi tizim joriy etilishi tufayli sudlov ishlari jarayonlarida qanchadan-qancha qog'ozlar isrof bo'ladigan avvalgi ish usulubidan voz kechilmoqda”, dedi u.
BMT Maxsus ma'ruzachisi: “Men Perudagi sudlar bilan aloqa o'rnatib, vatanimdagi sud`yalarni ham mazkur tizimdan foydalanishga o'rgatishingizni taklif etaman”, degan fikrlarni bildirdi.
Mehmonni hayratga solgan ikkinchi yangilik – Xalq qabulxonalari faoliyatidir. U Xalq qabulxonalari boshqa aksariyat mamlakatlar amaliyotida uchramaydigan tamomila yangi tajriba ekanini ta'kidladi. “Bunday samarador muassasani ilk bor ko'rib turibman va Xalq qabulxonasi faoliyati menda katta taassurot qoldirdi”, dedi D.Garsiya-Sayan.
Chindan ham, Xalq qabulxonalari mavjudligi tufayli endi kishilar o'z muammolariga yechim izlab poytaxtga ovvora bo'lib qatnamaydi. Binobarin, ularning o'z uylariga yaqin manzillarda davlat muassasalariga murojaat qilishlari uchun eng oson va qulay imkoniyatlar muhayyo etilgan.
Bu tizim, BMTning martabali eksperti qayd etganidek, xalq bilan davlat o'rtasida mustahkam muloqot va do'stona munosabat o'rnatilishiga xizmat qiladi. “Afsuski, bunday hayotiy va demokratik muassasalar Lotin Amerikasi mamlakatlarida hali mavjud emas. O'zbekiston xalqini ushbu ulkan yutuq bilan qutlayman”, deya o'z samimiy tilaklarini bildirdi mo''tabar mehmon.
Uning fikricha, O'zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari timsolidagi noyob muassasalar barcha mamlakatlarda tashkil etilishi lozim. Chunki ular davlat rahbari bilan xalq o'rtasida ishonchli muloqot o'rnatish uchun imkoniyat yaratadi, dedi janob D.Garsiya-Sayan.
Muxtasar aytganda, mazkur tashrifdan ko'zlangan maqsad, bir tomondan, BMT Maxsus ma'ruzachisining o'z vakolatlariga taalluqli sohalar doirasida O'zbekiston tomoni bilan muloqotlar olib borish, boshqa tomondan, o'zaro hamkorlik istiqbollarini o'rganishdir.
– BMT Maxsus ma'ruzachisining dastlabki xulosa va tavsiyalari nimalardan iborat bo'ldi?
– Jamiyatimiz ham, jahon jamoatchiligi ham bir masalada yakdil hamda hamjihat, deb o'ylayman. Ya'ni, mamlakat sud tizimining tom ma'noda mustaqilligi va odil sudlov erkinligini ta'minlash sohasida O'zbekiston Prezidenti boshlab bergan demokratik islohotlarning qaytmasligini ta'minlash zarur.
Bu, o'z navbatida, mazkur sohada yangi, yanada muhim vazifalarni bajarishni taqozo etadi. Janob Diego Garsiya-Sayan bu haqda fikr yuritar ekan, ba'zi bir masalalar yuzasidan o'zining dastlabki tavsiyalariga to'xtaldi.
Ushbu tavsiyalar asosan:
sudyalarni saylash va tayinlash;
sudyalarning lavozimida
ishlab qolishini kafolatlash;
sudyalarni professional asosda tayyorlash;
sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari ko'lamini qayta ko'rib chiqish;
sudyalarga intizomiy chora ko'rish tartib-taomillarini mukammallashtirish;
Oliy sud kengashi a'zolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish;
prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish;
advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bog'liq.
BMT Maxsus ma'ruzachisi bir hafta davomida mamlakatimizdagi davlat tashkilotlari, vazirlik va muassasalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, talaba-yoshlar bilan o'tkazgan qariyb 40 ta uchrashuvi yakunlari asosida milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirishga doir ana shu dastlabki xulosa va tavsiyalarini matbuot anjumani orqali jamoatchilik e'tiboriga havola etdi.
Albatta, O'zbekistonga tashrif yakunlari bo'yicha Maxsus ma'ruzachi xulosa va tavsiyalarining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga taqdim etilishi ko'zda tutilgan.
– Tashrifning ahamiyati nimada? BMT Maxsus ma'ruzachisining xulosa va tavsiyalari davlatimiz taraqqiyoti va jamiyatimiz ravnaqiga qanday hissa qo'shadi? Sodda qilib aytganda, bundan odamlarimizga nima foyda tegadi?
– To'g'ri va lo'nda savol. Xuddi shunday javob qaytarishga harakat qilaman.
Avvalambor, nufuzli xalqaro tashkilotning katta vakolatlarga ega mo''tabar vakilining mamlakatimizga tashrifi biz uchun, ta'bir joiz bo'lsa, kompas vazifasini o'tadi.
Ya'ni, biz sud-huquq tizimida uch yildan buyon to'g'ri va asosli yo'nalishda – xalqaro standartlar hamda ilg'or xorijiy tajribaga mos holda izchil islohotlarni amalga
oshirayotganimizni tekshirib, aniqlab, bunga yana bir bor amin bo'lib oldik. Natijada:
Birinchidan, bu ishonch islohotlarning ortga qaytmasligiga bo'lgan qat'iy irodamizni mustahkamlaydi.
Ikkinchidan, bizni islohotlarning yangi, yanada yuksak va mas'uliyali bosqichlari sari ilhomlantiradi, bu yo'lda bizga katta kuch hamda azmu shijoat bag'ishlaydi.
Uchinchidan, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash va yurtdoshlarimizning sudlarga bo'lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
To'rtinchidan, jahon hamjamiyatining O'zbekistonga bo'lgan ishonchi yanada ortadi, natijada dunyo
bo'ylab imijimiz yuksaladi.
Beshinchidan, O'zbekistonning xalqaro nufuzi va obro'-e'tibori yuksaladi, natijada bizga do'st insonlar, xayrixoh xalqlar hamda hamkor davlatlar soni ko'payib
boraveradi.
Oltinchidan, jahon miqyosidagi ishonch, obro'-e'tibor va yuksak imij O'zbekistonning jozibadorligi bundan ham oshishini ta'minlaydi. O'z navbatida, milliy iqtisodiyotimizga xorijiy
investitsiyalarning jalb etilishi ortadi.
Yettinchidan, dunyoning turli mamlakatlaridan oqib keladigan investitsiyalar, albatta, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta'minlashda g'oyat
muhim o'rin tutadi.
Xulosa qilib aytganda, BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanning mamlakatimizga rasmiy tashrifi tom ma'noda tarixiy ahamiyatga egadir. Bunday muhim tashriflarning odamlarimiz baxtli va to'kis yashashlari uchun nafi nihoyatda katta, deb hisoblayman.
Manba: «Xalq so'zi»
- Qo'shildi: 30.09.2019
- Ko'rishlar: 5960
- Chop etish