O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g'oyani kun tartibiga qo'ydi. Ushbu g'oyani amalda ro'yobga chiqarish uchun quyidagi to'rtta muhim vazifani bajarish talab etiladi:
birinchi vazifa – aholining jamoat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki ko'lamini kengaytirish;
ikkinchi vazifa – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish;
uchinchi vazifa – fuqarolar, jamiyat va davlatning o'zaro yaqin ijtimoiy hamkorligini o'rnatish;
to'rtinchi vazifa – davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan kuchli va samarali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
Murojaatnomadagi eng muhim tashabbuslardan biri – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalarini tashkil etishdir.
Shu ma'noda, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 16 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to'g'risida»gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va har bir hududda uning bo'limlari tashkil etilayotgani ulkan ahamiyatga ega.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidovning "Narodnoe slovo" gazetasining shu yil 21 aprel sonida e'lon qilingan "Jamoatchilik palatasi: faollik maydoni" ("Obshestvennaya palata: kontsentratsiya aktivnosti") sarlavhali maqolasida mazkur Farmonning mazmuni, mohiyati va ahamiyati haqida so'z boradi.
Xususan, akademik A.Saidovning qayd etishicha, Jamoatchilik palatasi faoliyatining huquqiy asoslari negizida avvalo mazkur Farmon turadi. Shuningdek, “O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasi to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. Bundan tashqari “Jamoatchilik nazorati to'g'risida” va “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi qonunlar hamda NNT to'g'risidagi kodeks ushbu soha faoliyatining huquqiy asoslarini tashkil etadi.
Mutolaa uchun «Narodnoe slovo» gazetasining 2020 yil 21 aprel soni pdf formatda havola etilmoqda. Ushbu fayl gazeta tahririyati tomonidan taqdim qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.04.2020
- Ko'rishlar: 4225
- Chop etish