2020 yil 29 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida odam savdosiga qarshi kurashish borasida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar, bu borada davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasida o'zaro hamkorlik masalalari muhokamasiga bag'ishlangan xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi. Ushbu onlayn tadbir 30 iyul` – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Davra suhbati tashkilotchilari Oliy Majlis Senati, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz, Bosh prokuratura, shuningdek BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi hamda YeHHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboeva tadbirni ochib berar ekan, ushbu xalqaro davra suhbatining bosh mavzusi etib belgilangan odam savdosiga qarshi kurash masalasi O'zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko'tarilganini ta'kidladi. O'tgan yili O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bugungi kunda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining pozitsiyasini yaxshilashga, shuningdek qabul qilinayotgan choralarning samaradorligini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yo'l haritasi”) hamda 2019-2020 yillarda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha kichik komissiya tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Mazkur “Yo'l haritasi” va rejada belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov odam savdosi – dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida millionlab insonlarning hayotiga daxl qiluvchi va ularning insoniy qadr-qimmatini kamsitayotgan global muammo ekanini qayd etdi. Odam savdosi – jiddiy jinoyat va inson huquqlarining qo'pol buzilishidir. Ushbu xavf odam savdosi jabrdiydalari kelib chiqadigan davlat yoki uni qabul qiluvchi davlat bo'lishidan qat'i nazar, barcha mamlakatlarga taalluqli hisoblanadi.
Shu ma'noda, 2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingani bejiz emas. Harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta'qib etish va barcha yo'nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlar ko'zda tutilgan.
2013 yilda 30 iyul – BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e'lon qilingan. Bugungi kunda BMT va uning tuzilmalari, YEXHT, Islom hamkorlik tashkiloti, boshqa tashkilotlar va davlatlar odam savdosiga qarshi kurashishga katta e'tibor qaratmoqda.
2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab qo'yilgan. Unda bolalar savdosi, odam savdosini, shuningdek, ayollar va qizlarga nisbatan zo'ravonliklarni to'la yo'q qilish lozimligi ko'rsatilgan.
Butun dunyo bo'ylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi sharoitida ham O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurashish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Shu bilan birga, odam savdosiga qarshi kurashish masalasi nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborotlari, ta'lim muassasalari zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi.
Tadbirda, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o'rinbosari Erkin Yuldashev, BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi hududiy vakili Ashita Mittal, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor so'zga chiqdi.
Onlayn anjumanda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari — Bola huquqlari bo'yicha vakil, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligining Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha kichik komissiyasi vakilllari, BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi hamda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha xalqaro ekspertlari ma'ruza qildi.
Shuningdek, muhokamalarda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat mehnat inspektsiyasi, Respublika “Istiqbolli Avlod” ijtimoiy-axborot markazi, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo'yicha respublika reabilitatsiya markazi mutasaddilari va mutaxassislari - jami 50 dan ortiq davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda erishilgan natijalar xususida so'z yuritildi. Koronavirus inqirozi sharoitida odam savdosining yangi turlari paydo bo'lishi omillari hamda oqibatlari muhokama qilindi.
O'zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa tegishli muassasalar xodimlari uchun mo'ljallangan odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi o'quv dasturlarini yanada takomillashtirish bo'yicha olib borilgan tadqiqotning ilk natijalari ko'rib chiqildi. Bu borada amaliy tavsiyalar berildi.
Bola savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha kichik komissiyalarning faoliyati, odam savdosidan jabr ko'rganlarga milliy darajada reabilitatsiya xizmatlarini ko'rsatishni tashkil etish, O'zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga amaliy yordam ko'rsatish ishlarining samaradorligi masalalariga e'tibor qaratildi.
Xalqaro davra suhbati yakunida bu boradagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishda o'zaro tajriba va fikr almashish muhimligi ta'kidlandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.07.2020
- Ko'rishlar: 4103
- Chop etish